Xitoy SI bo‘yicha mutaxassislarga ruxsatsiz xorijga chiqishni taqiqladi

Olam

image

Xitoy rasmiylari Pekin tomonidan mamlakat uchun strategik jihatdan muhim deb hisoblanadigan mutaxassislarning chet elga chiqishini taqiqlash amaliyotini xususiy kompaniyalarga ham tatbiq eta boshladi. Boshqa mamlakatlarga sayohat qilish uchun oldindan ruxsat olish talabi ostiga ilg‘or sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiquvchi shaxslar, jumladan, Alibaba va DeepSeek kabi kompaniyalarning yuqori lavozimli xodimlari tushdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Bunday amaliyot davlat kompaniyalari rahbarlari, asosiy tadqiqotchilar, universitet xodimlari hamda yadroviy loyihalar bilan shug‘ullanuvchi olimlar o‘rtasida keng tarqalgan. Masalan, davlat kompaniyalari top-menejerlar va Kommunistik partiya mulozimlarining xorijga chiqish pasportlarini o‘zlarida saqlaydi. Biroq xususiy kompaniyalar uchun bunday talab ilgari xos bo‘lmagan.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, yangi cheklovlar ostiga sun’iy intellekt sohasining bir qator yetakchi mutaxassislari, jumladan, ayrim startap asoschilari, tadqiqotchilar va kompaniya rahbarlari tushgan. Bunday shaxslar ro‘yxatga ularning faqat lavozimi yoki ish joyiga qarab emas, balki mamlakat uchun strategik ahamiyati baholanib kiritilmoqda.

Aslida esa sun’iy intellekt bo‘yicha yetakchi mutaxassislar aynan xususiy kompaniyalarda – ChatGPT muvaffaqiyatidan keyin shiddat bilan paydo bo‘la boshlagan texnologik gigantlar va startaplarda faoliyat yuritadi. Ushbu shaxslarning ba’zilari anchadan beri xorijga safar qilish rejalari haqida rasmiylarga xabar berishga majbur bo‘lgan edi, garchi shu paytgacha oldindan ruxsat olish majburiy bo‘lmagan ersa-da. Bundan bir yil oldin “The Wall Street Journal” gazetasi Xitoy rasmiylari sun’iy intellektga nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki milliy xavfsizlikni ta’minlashni ham hisobga olgan holda qaray boshlagani haqida xabar bergan. Shu sababli, ushbu sohadagi yetakchi tadbirkor va tadqiqotchilarga AQSHga bormaslik qat’iy tavsiya etila boshlangan.

Pekin sun’iy intellekt sohasidagi ekspertlar xorijga chiqqanda Xitoyning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilib qo‘yishidan yoki ularni muzokaralarda “kozir” (ustunlik ta’minlovchi omil) sifatida foydalanish uchun hibsga olishlari mumkinligidan xavotirda. Xuddi shunday holat ilgari AQSH Prezidenti Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Vashingtonning iltimosiga ko‘ra Kanadada Huawei kompaniyasining yuqori lavozimli rahbari hibsga olinganida kuzatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy sun'iy intellekt Pekin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing