2030 yilga borib o‘ta kuchli sun’iy intellekt paydo bo‘ladi – Google

Bu qiziq

image

Taxminan 2030 yilga borib umumiy sun’iy intellekt (AGI) yoki boshqacha aytganda “o‘ta kuchli SI” paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Google kompaniyasining SI (sun’iy intellekt) bo‘linmasi hisoblangan DeepMind bosh direktori Demis Xassabis ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimlarning rivojlanishi birdan sodir bo‘ladigan keskin sakrash ko‘rinishida emas, balki texnologiya va fan uchun yangi imkoniyatlarni ochib beruvchi bosqichma-bosqich takomillashishlar seriyasi orqali amalga oshadi. 

Xassabisning qayd etishicha, AGI’ning paydo bo‘lishi ta’sir kuchi jihatidan “sanoat inqilobidan o‘n barobar kuchliroq va o‘n barobar tezroq” sodir bo‘ladigan hodisaga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, u texnologiyalar rivojlanishi albatta salbiy oqibatlarga olib kelmasligiga ishonch bildirgan. Uning fikricha, sun’iy intellekt tibbiyot, materialshunoslik, matematika va energetika sohalaridagi rivojlanishni tezlashtirishga qodir.

AGI paydo bo‘lganini baholash uchun DeepMind rahbari o‘zining shaxsiy “Eynshteyn testi” variantini taklif qilgan: tizimga fizika fanini faqat 1901 yilgacha bo‘lgan davr bo‘yicha o‘rgatish kerak, so‘ngra u Albert Eynshteyn 1905 yildan boshlab e’lon qila boshlagan kashfiyotlarga o‘xshash yangiliklarni mustaqil ravishda yarata olish-olmasligini tekshirib ko‘rish lozim. Xassabis hozirgi modellar bunga hali qodir emasligini tan olgan, biroq kelajakda bunday imkoniyatning paydo bo‘lishini haqiqatga yaqin deb hisoblaydi.

DeepMind rahbari, shuningdek, sun’iy intellekt bozorini “texnologiyalar tarixidagi eng shafqatsiz raqobat” deb atagan va Google bu borada kuchli tadqiqot bazasiga hamda texnologiyalarni ommaviy servislarga joriy etish tajribasiga ega ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt nevrologik kasalliklarni davolash uchun yangi dorilarni tezroq izlashda muhim vositaga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Google sun'iy intellekt AGI Demis Xassabis DeepMind

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing