BMT 2023 yilda o‘ldirilgan jurnalistlar sonini e’lon qildi
Olam
−
03 noyabr 2023
28612023 yilda kamida 46 jurnalist o‘ldirilgan. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuniga bag‘ishlangan bayonotida ma’lum qildi.
“Jurnalistlar ko‘pincha tahdidlar, zo‘ravonlik va hatto qotillik nishoniga aylanib qoladi, chunki ularning faoliyati inson huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Jurnalistlar va boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlariga qilingan hujumlar uchun jazosizlik darajasini qabul qilinishi mumkin emas. O‘tgan o‘n yil ichida esa xalqaro hamjamiyat bu masalaga e’tiborini oshirdi”, degan Turk.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 86 foizi jazosiz qolmoqda. BMT komissari Volker Turk jurnalistlar xavf ostida qolar ekan, hukumatlar ularni himoya qilish uchun qonunlar qabul qilishi, politsiya va sud tizimlari esa ularning faoliyati bilan bog‘liq OAV xodimlariga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda samaraliroq ishlashi kerakligini aytgan.
BMT komissarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili qamalgan jurnalistlar soni 2021 yilga nisbatan 20 foizga oshib, 363 nafarni tashkil qilgan. Joriy yilda 531 nafar jurnalist qamoqqa olingan. So‘nggi o‘n yil ichida esa 893 dan ortiq OAV xodimlari o‘ldirilgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) 21 oktyabr kuni G‘azo sektorida Isroil va Falastin islomiy HAMAS harakati o‘rtasidagi qarama-qarshilik chog‘ida kamida 22 jurnalist – 18 falastinlik, uch isroillik va bir livanlik halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Yana sakkiz nafar jurnalist yaralangan, uch nafari bedarak yo‘qolgan yoki hibsga olingan.
CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 36 jurnalist o‘ldirilgan, ularning yarmi Isroil va G‘azo sektorida. OAV xodimlari halok bo‘lgan boshqa joylarga Ukraina, Afg‘oniston, Kamerun, Kolumbiya, AQSH, Gaiti, Lesoto, Filippin, Bangladesh, Paragvay, Sudan, Livan, Ruanda, Albaniya, Meksika, Hindiston va Liviya kiradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Moskvaning Basmanniy sudi “Birinchi kanal”ning sobiq muharriri Marina Ovsyannikovani Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, sirtdan 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Eronda esa “nomaqbul” hijob kiygani sabab hibsga olingan va o‘ldirilgan 22 yoshli Mahsa Amini haqida yozgan maqolasi sabab Nilufar Hamdiy va Elax Muhammadiy ismli jurnalistlar 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
LiveBarchasi