YeI Rossiyada ukrainalik jurnalistning o‘limi yuzasidan chuqur tergov o‘tkazishni talab qildi
Olam
−
12 Oktabr
2786Yevropa Ittifoqi Rossiya hibsxonasida ukrainalik jurnalistning o‘limi bilan bog‘liq holatlarga oydinlik kiritish uchun tergov o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining diplomatik xizmati ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi Rossiyaning urush zonalari va frontdagi voqealarni yoritayotgan jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan davom etayotgan ta’qiblari, qo‘rqitishlari va zo‘ravonliklaridan chuqur xavotirda”, deyiladi xabarda.
Viktoriya Roshina Rossiya istilosi boshlanganidan beri o‘ldirilgan o‘n uchinchi jurnalist bo‘ldi. Yevropa diplomatik xizmati inson huquqlarining buzilishi va jurnalistlarga nisbatan tazyiqlar jazosiz qolishi mumkin emasligini qayd etdi.
“Yevropa Ittifoqi ukrainalik mustaqil jurnalist Viktoriya Roshinaning Rossiyada noqonuniy hibsda o‘ldirilgani haqidagi xabarlardan hayratda. YeI Roshina o‘limining barcha holatlariga imkon qadar tezroq oydinlik kiritadigan chuqur va mustaqil tergov o‘tkazishni talab qiladi”, deya qo‘shimcha qildi YeI diplomatik xizmati.
Inson huquqlari bo‘yicha media tashabbusi (MIHR) ijrochi direktori Tatyana Katrichenkoning Facebook'da yozishicha, Roshina kamida ikkita qamoqxonada: Berdyanskdagi 77-sonli axloq tuzatish koloniyasi va Taganrogdagi 2-sonli tergov hibsxonasida saqlangan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Viktoriya Roshina Taganrogdagi qamoqxonadan Moskvaga ko‘chirilayotganda vafot etgan.
“To‘liq miqyosli bosqinning dastlabki oylaridan boshlab rossiyalik rasmiylar ikkala joydan ham Ukraina harbiy xizmatchilari, ham tinch aholini, xususan ayollarni saqlash uchun foydalanmoqda”, deb yozadi u.
Katrichenkoning so‘zlariga ko‘ra, Taganrogdagi tergov izolyatori Rossiya hududida ukrainaliklar uchun eng shafqatsiz hibsxonalardan biri sifatida tanilgan.
“Bu yer do‘zax deb ataladi, xususan, Azovstaldan ozod qilinganlar u yerda jinoyatchilikda gumon qilingan har bir kishi bu joylarda qilgan “jinoyati”ni tan oladi va barcha ishlarda o‘zini ayblaydi”, deya ta’kidlaydi u.
U, shuningdek, Roshina Taganrogda kamida shu yilning may oyidan sentyabrigacha bir kishilik kamerada saqlanganini qo‘shimcha qilgan.
2022 yilning fevral oyidan boshlab Roshina Ukraina sharqi va janubidagi harbiy amaliyotlar haqidagi materiallarni chop etib kelgan. Xususan, bosib olingan Energodardan Zaporoje atom elektr stansiyasining Rossiya kuchlari tomonidan egallab olingani va Gulyaypoledan doimiy bombardimon ostidagi hayot haqida materiallar tayyorlagan.
U bir qator Ukraina ommaviy axborot vositalari – “Suspilne”, “Ukrainskaya pravda” va “Ozodlik” radiosi bilan hamkorlik qilgan. 2022 yilda u Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi haqidagi reportaji uchun Xalqaro ayollar media Jamg‘armasining “Jurnalistikadagi jasorat” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Roshina bir necha bor rossiyalik harbiylar tomonidan hibsga olingan. 2022 yil 11 martda u Mariupolga ketayotganida, uni josuslikda ayblab, FXX xodimlari hibsga olgan. Jurnalist 10 kun ushlab turilgan, ammo keyin asirga olingan Rossiya askarlariga almashtirilgan. Shundan so‘ng, Roshina o‘z ona shahri – Zaporojega qaytib borgan va Ukraina nazorati ostidagi hududda ishlashni davom ettirgan.
2023 yilning yozida u Rossiya orqali Ukraina sharqidagi bosib olingan hududlarga sayohat qilish uchun Ukrainadan Polshaga yo‘l oladi. Jurnalist u yerda g‘oyib bo‘lgan va 2024 yilning may oyida Rossiya Mudofaa vazirligi uning qo‘lga olingani hamda Rossiya hududida ekanligini tasdiqlagan. Keyinroq Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi Roshina Rossiya hibsxonasida ekanini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshina Rossiyada hibsxonada vafot etgan xabar qilingandi. Oliy Radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Dmitriy Lubinets uning o‘limi haqidagi tasdiqni Rossiyaning Harbiy asirlar bilan muomala qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab spikeri Pyotr Yasenkodan olgan.
LiveBarchasi