Alisher Usmonov jurnalist ustidan Germaniya prokuraturasiga ariza berdi

Olam

image

Milliarder Alisher Usmonov dopingga qarshi surishtiruvlar bilan tanilgan ARD telekanalining jurnalisti Xayo Zeppeltni tuhmat va bo‘htonda ayblab, 8 oktyabr kuni Kyoln prokuraturasiga ariza topshirdi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.

Avvalroq, “Olimpiadadagi shubhali hakamlar – qilichbozlik musobaqalarida 5 ming yevro miqdorida pora” nomli reportajda Zeppelt Usmonovni pora berish va hakamlarning qarorlariga ta’sir qilishda ayblagan edi. Biroq Usmonov bu bo‘yicha Gamburg sudiga murojaat qilib, g‘alaba qozongan. Jurnalistning da’volari shaxsiy huquqlarni buzuvchi, gumonlarga asoslangan nomaqbul bayonotlar deb topilgan va taqiqlab qo‘yilgan.

Sudning bu qarori WDR teleradio kompaniyasiga ham tegishli bo‘lgan va reportaj ularning ham resurslaridan o‘chirib tashlangan. Nashrga ko‘ra, Usmonov bularga qanoatlanmayapti va u Zeppeltga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni talab qilmoqda.

“Janob Zeppelt va “ARD Sportschau” nafaqat asosiy jurnalistika tamoyillarini va matbuot kodeksini buzdi, balki bu g‘arazli hamda pastkash tuhmatlar jinoiy javobgarlikka ham loyiq. Unda hech qanday dalillar bo‘lmagan. Bu jurnalistika emas, sharmandalik”, deydi Usmonovning advokati.

Nashrga ko‘ra, Kyoln prokuraturasiga ariza kelib tushgani hozircha tasdiqlanmagan. Prokuratura vakili Ulrix Bremerning bildirishicha, ariza kelib tushgandan so‘ng, unda qonunga xilof harakatlar bor-yo‘qligi tekshiriladi va agar asosli deb topilsa, surishtiruv boshlanadi. Zeppeltning o‘zi esa Usmonovning arizasi haqida hech narsa bilmasligini va tegishli organlardan hech qanday ma’lumot olmaganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Usmonov 2008 yildan buyon Xalqaro qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelardi, lekin u 2022 yilning 1 martida federatsiya prezidenti lavozimidan vaqtincha chetlashtirildi. Bunga Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni Ukrainadagi beqarorlikka mas’ul rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagani va unga nisbatan sanksiya joriy etgani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov 2024 yilning 7 iyun kuni Frankfurt-Mayn mintaqaviy sudiga UBS Europe SE (sobiq UBS Deutschland AG) bankiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Alisher Usmonov jurnalist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing