“Bloomberg”ning sobiq menejeri oilasi bilan o‘z uyida o‘lik holda topildi
Olam
−
01 aprel
7469AQSHning janubi-sharqiy qismida – Janubiy Karolina shtatidagi hashamatli hovlida “Bloomberg” axborot agentlining sobiq menejeri, uning rafiqasi va kichik qizining jasadlari topildi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Nashrning mahalliy huquq-tartibot organlariga asoslanib yozishicha, politsiyaga oilaning qo‘shnilaridan biri murojaat qilgan. Voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari 54 yoshli Richard Samarela, uning 45 yoshli turmush o‘rtog‘i Lina Mariya Samarela va 9 yoshli qizining jasadini topgan.
Politsiya hozircha oila a’zolarining o‘limiga nima sabab bo‘lganini oshkor qilmagan, faqat jamoatchilikka hech qanday tahdid yo‘qligini ma’lum qilgan. Nashrning qayd etishicha, bu baxtsiz hodisa oqibatida sodir bo‘lganmi yoki jinoyat xarakteriga egami, hozircha noma’lum. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, er-xotinning yana bir qizi va kichik o‘g‘li bor bo‘lib, ular voqea paytida maktabda bo‘lgan va jabrlanmagan. Samarelalar juftligi 2009 yilda turmush qurgan.
Nashrga ko‘ra, Richard Samarela ilgari Bloomberg L.P. kompaniyasida investitsiya menejeri, uning rafiqasi esa AQSH Veteranlar ishlari departamentida ishlagan.
Ma’lum qilinishicha, bu oila boy bo‘lgan va ular istiqomat qilgan uy narxi 800 ming dollar atrofida baholanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Bloomberg L.P. dunyoning yetakchi axborot agentliklaridan biri bo‘lib, moliyaviy axborot bozorining 33 foiz ulushiga ega. Kompaniyaning 126 ta ofisida 100 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Bundan tashqari, “Bloomberg” axborot terminallari, yangilik agentligi, televideniye, radio, shuningdek, turli tadbirlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning yillik daromadi 12 milliard dollarga baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur amerikalik Gollivud aktyori Jin Xekmen va uning rafiqasi, pianist Betsi Arakava o‘z uylarida o‘lik holda topilgani xabar qilingan edi. Keyinchalik ular tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


