Aktyor Jin Xekmen va uning rafiqasi Betsi Arakavaning o‘lim sababi aniqlandi
Madaniyat-san’at
−
08 mart
11822Avvalaroq, mashhur amerikalik Gollivud aktyori Jin Xekmen va uning rafiqasi, pianist Betsi Arakava o‘z uylarida o‘lik holda topilgani xabar qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan. Bu haqda Nyu-Meksiko shtatining Santa-Fe okrugi rasmiylariga tayanib, CNN nashri xabar berdi.
Okrug sherifi Adan Mendosaning so‘zlariga ko‘ra, Arakava joriy yilning 11 fevral kuni hali tirik bo‘lgan. Politsiya kuzatuv kameralaridan yozuvlarni topgan va ularga ko‘ra, o‘sha kuni u do‘konga borgan va keyin uyiga qaytgan. 11 fevraldan keyin esa unda hech qanday hayot alomatlari aniqlanmagan.
Sud-tibbiyot eksperti Xizer Jarellning so‘zlariga ko‘ra, Arakava o‘pkani zararlovchi virusli o‘pka sindromidan vafot etgan (bu virus kemiruvchilar orqali yuqadi). Uyning ichkarisida sochilib yotgan dori vositalari shifokor retsepti bo‘yicha buyurilgan bo‘lib, uning o‘limi bilan bog‘liq emasligi ma’lum qilingan.
Ekspertning ta’kidlashicha, Xekmen yurak-qon tomir kasalligi oqibatida, shuningdek, alsgeymer kasalligi sabab vafot etgan. Tekshiruv natijasida uning jasadida hech qanday jiddiy ichki va tashqi jarohatlar aniqlanmagan. Jarellning taxminicha, Xekmen rafiqasining bir necha kun oldin vafot etganini bilmagan bo‘lishi mumkin, chunki u juda og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Jin Xekmen va uning rafiqasi, pianinachi Betsi Arakava joriy yilning 26 fevral kuni Santa-Fe shahriga yaqin hududdagi uylarida o‘lik holda topilgandi. Politsiyaning aniqlashicha, Xekmen, uning rafiqasi va ularning iti – hammasi turli xonalarda bo‘lgan. 95 yoshli Xekmenning jasadi oshxona yonidagi yon xonada, 63 yoshli Arakavaniki esa hammomda topilgan. Juftlikning nemis ovcharkasi ham hammom shkafi ichida – Arakavaning yonida o‘lik holda yotgani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, Jin Xekmen – ikki karra “Oskar” mukofoti sovrindori. U “Fransuz aloqasi”, “Kechirish yo‘q”, “Davlat dushmani”, “Pul uchun hukm”, “Bonni va Klayd” hamda “Missisipi alangasi” filmlaridagi rollari bilan mashhur. Betsi Arakava Xekmenning ikkinchi rafiqasi bo‘lib, ular 1991 yilda turmush qurgan.
LiveBarchasi