Blinken uzoq kutilgan Xitoyga safarini amalga oshirdi
Olam
−
19 iyun 2023
6237Kecha, 18 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga rasmiy tashrifi doirasida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang bilan uchrashdi. Bu haqda ikki mamlakatning tashqi ishlar idoralari ma’lum qildi.
Xitoy TIV ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Sin Gang Pekin-Vashington munosabatlari ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan beri eng past darajaga yetganini aytgan. Shuningdek, vazir bu holat Xitoy va AQSH xalqlari manfaatlariga javob bermasligini ta’kidlagan.
AQSH Davlat departamenti tomonida muzokaralar yakuni bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda esa Entoni Blinken diplomatiya muhimligini, tushunmovchiliklar va noto‘g‘ri hisob-kitoblar xavfini kamaytirish uchun ochiq muloqot kanallarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirgan.
Bundan tashqari, AQSH Davlat kotibi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan muzokaralarni samimiy va konstruktiv deb atagan.
Bildirilishicha, Blinkenning xitoylik mavqedoshi bilan uchrashuvi besh yarim soat davom etgan. Kotibning XXR rasmiylari bilan Pekindagi uchrashuvlari bugun, 19 iyun kuni ham davom etadi.
Ma’lumot uchun, AQSH Davlat kotibi Xitoyga oxirgi marta aynan 2018 yilda tashrif buyurgan. O‘shanda bu lavozimda Mayk Pompeo edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi oxirida AQSH osmonida Xitoyga tegishli “josus havo shari” aniqlangach, Blinken 5-6 fevral kunlariga rejalashtirilgan Xitoyga tashrifini noma’lum muddatga ortga surgandi. 4 fevral kuni esa Xitoy shari AQSH havo hududida raketa bilan urib tushirildi. Vashington ma’muriyati mazkur qurilma yordamida Xitoy muhim ma’lumotlarni to‘plaganini ta’kidladi. Pekin esa AQSH tomonidan qilingan hujum va tuhmatlarga qarshi norozilik bildirdi. Keyinchalik Blinken Xitoyga bormoqchi bo‘lgani, biroq Pekin uni qabul qilishni rad etgani haqida xabarlar tarqaldi.
LiveBarchasi