Blinken Ozarbayjonni qoralab, Armanistonni qo‘llashini bildirdi
Olam
−
20 Sentabr 2023
4461AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti voizi Mettyu Miller yozma bayonot berdi.
Unga ko‘ra, Aliyev bilan suhbatda Blinken Bakuni “harbiy harakatlar”ni zudlik bilan to‘xtatish va vazminlikka chaqirgan.
Harbiy yechimning imkonsizligiga e’tibor qaratgan Davlat kotibi, Bakuga Qorabog‘dagi armanlar bilan bo‘lgan muammolarni muloqot orqali hal etishni taklif qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Aliyev “harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyor” ekanini ta’kidlagan. Blinken tomonlar muzokara stoliga o‘tirishi kerakligini bildirgan.
Pashinyan bilan telefon suhbatida Blinken: “Biz Tog‘li Qorabog‘dagi o‘zgarishlarni xavotir bilan kuzatyapmiz”, deb aytgan.
Ozarbayjon bilan muloqotga chaqirganini aytgan Blinken, AQSH Armanistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adriyenne Uotson esa ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida shunday deb yozdi:
“Qo‘shma Shtatlar Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlaridan qattiq xavotirda. Biz Ozarbayjonni gumanitar vaziyatni yomonlashtirayotgan "harbiy harakatlar"ni zudlik bilan to‘xtatishga va Tog‘li Qorabog‘ xalqi vakillari bilan muloqot boshlashga chaqiramiz”.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.