Blinken nega yana Isroilga borganining sababi aytildi
Olam
−
30 noyabr 2023
5148Isroil Prezidenti Isxaak Gersog AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenga Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlagani va G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Yahudiy davlati rahbari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida tegishli bayonotni e’lon qildi.
“Yana biz bilan bo‘lganingiz uchun tashakkur. Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaganingiz, shuningdek, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlaringiz uchun tashakkur”, deb yozdi Gersog AQSH Davlat kotibi bilan qo‘l berib ko‘rishgani aks etgan surat ostiga.
AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Millerning ma’lum qilishicha, Blinken G‘arbiy Sohilga Isroil rahbariyati bilan uchrashish, shuningdek, Falastin hukumati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun borgan.
“Kotib Blinken G‘arbiy Sohildagi keskinlikni yumshatish zarurligini, jumladan, Isroil ekstremist ko‘chmanchilarni Falastin tinch aholisiga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi bayonotda.
Tomonlar, shuningdek, Falastinning HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berishni ko‘paytirish masalalarini muhokama qilgan.
Blinken Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ham uchrashdi. Ular G‘arbiy Sohildagi vaziyat, garovga olinganlarni ozod qilish va insonparvarlik yordamini yetkazib berish masalalarini muhokama qilgan.
“Davlat kotibi Qo‘shma Shtatlar xalqaro gumanitar qonunlarga muvofiq Isroilning terrorchilik zo‘ravonligidan o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va Isroilni tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi”, deydi Davlat departamenti vakili.
LiveBarchasi