Isroil Prezidenti Aliyevning “qanoti ostida” Turkiya osmonini kesib o‘tdi. Anqara bundan bexabar

Olam

−

image

Kecha, 14 oktyabr kuni Isroil Prezidenti Isxak Gersog Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Bakuga bordi. Uning Ozarbayjon havo yo‘llariga (AZAL) tegishli muntazam yo‘lovchi samolyoti orqali Turkiya havo hududidan foydalanib, Ozarbayjonga yetib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Haber7” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Turkiya 2024 yildan beri Isroil hukumatiga tegishli samolyotlarning o‘z havo hududidan o‘tishiga ruxsat bermayotgan bo‘lsa-da, xorijiy aviakompaniyalarning fuqarolik reyslariga nisbatan bunday cheklovni qo‘llamaydi. Gersogning Bakuga safarida ham aynan ushbu farq ustunlik qilgan. “Flightradar24” platformasidagi ochiq manbali parvozlarni kuzatish ma’lumotlariga ko‘ra, Gersog AZAL’ning J222 reysi bilan safar qilgan.

Tel-Avivdan mahalliy vaqt bilan soat 11:35 da havoga ko‘tarilgan samolyot Turkiya havo hududidan foydalangan holda soat 15:40 da Bakuga qo‘ngan. Parvoz yozuvlaridan tashqari, Bakudagi kutib olish marosimidan ulashilgan foto va videolar ham Gersogning Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli Boeing 787-8 Dreamliner samolyotida shaharga yetib borganini tasdiqlovchi ma’lumotlar qatoridan joy olgan.

Samolyotning qo‘nish vaqti bilan Gersogning matbuot xizmati tomonidan ulashilgan rasmiy e’lon vaqti ham bir-biriga mos keladi. Safarning yana bir e’tiborli jihati, foydalanilgan samolyotning nomi bo‘ldi. Isroil Prezidentini olib uchgan Boeing 787-8 Dreamliner “Shusha” deb nomlangan.

Turkiya nashrlarining yozishicha, Gersogning Turkiya havo hududi orqali o‘tgan muntazam reys bilan sayohat qilishi ortidan nigohlar Isroil Prezidenti kanselyariyasiga qaratilmoqda. Gersog ofisining vakili parvoz tafsilotlariga oid savollarga “Ushbu bosqichda izoh bera olmayman”, deb javob qaytargan.

“Haber7”ning yozishicha, Gersogning Ozarbayjonga safaridagi ushbu voqea o‘tmishda yuz bergan shunga o‘xshash hodisani yodga soladi.

Xususan, Turkiya 2024 yilda Isroil Prezidenti samolyotining Turkiya havo hududidan foydalanishiga ruxsat bermagan. Shundan so‘ng, Gersog Ozarbayjonga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Aprel oyida Qozog‘istonga amalga oshirilgan rasmiy tashrif chog‘ida ham shunga o‘xshash vaziyat yuz bergan. Gersogning samolyoti Turkiya havo hududidan foydalana olmagani sababli Yevropa va Rossiya orqali aylanib o‘tadigan muqobil yo‘nalishni tanlagan. Sayohat taxminan sakkiz soat davom etgan.

Isroil Prezidentining Bakuga so‘nggi tashrifida ham Gretsiya Bolgariya va Qora dengiz orqali o‘tadigan uzunroq yo‘nalishni tanlashi mumkin bo‘lgan. Biroq Qora dengizda kemalarga qilingan hujumlarning davom etayotgani ushbu yo‘nalishning xavfsizligi bo‘yicha xavotir uyg‘otgani sababli delegatsiya muntazam yo‘lovchi samolyotida uchishni tanlagan.

Gersogning AZAL samolyoti bilan Turkiya havo hududidan o‘tishi ortidan Anqaraning bu sayohatdan xabari bor-yo‘qligi qiziqish uyg‘otmoqda. Vaziyatdan xabardor turkiyalik mulozimning “MEE” nashriga aytishicha, Ozarbayjon ushbu parvozdagi bortda Isroil Prezidenti ham borligi haqida Turkiyaga hech qanday ma’lumot bermagan.

Mulozim Turkiyaning Isroil samolyotlariga nisbatan havo hududi taqiqini davom ettirayotganini, Isroil tomoni ham Anqaraning pozitsiyasi sababli endilikda uchib o‘tishga ruxsat so‘ramayotganini bildirgan.

Mulozim Gersogning samolyotda ekani haqida oldindan ma’lumot berilmagani borasida: 

“Tabiiyki, Turkiya o‘z havo hududidan o‘tayotgan har bir yo‘lovchi samolyotining yo‘lovchilar ro‘yxatini ololmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, Turkiya Isroilning hukumat va harbiy samolyotlari uchun o‘z havo hududini 2024 yilda rasman yopgan. Bunga G‘azo sektoridagi urush va gumanitar inqiroz sabab bo‘lgan. Cheklov, birinchi navbatda, Isroilning davlat rahbarlari, hukumat a’zolari (masalan, “Knaf-Sion” / “Sion qanoti” nomli rasmiy samolyot) va harbiy aviatsiyasi uchun amal qiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing