Blinken Gretsiyaga 200 million dollar evaziga Kiyevga qurol berishni taklif qildi
Olam
−
27 yanvar
4711AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Gretsiyaga Ukrainaga qurol berish yoki sotishni taklif qildi, buning evaziga Amerika Afinaga 200 million dollargacha qo‘shimcha yordam ko‘rsatish imkoniyatini o‘rganib chiqadi. Bu haqda Blinkenning Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisga yo‘llagan maktubida keltirilgan.
Maktubda Blinken Davlat departamenti F-35 samolyotlari va qurol-yarog‘larning Gretsiya hukumatiga taxminan 8,6 milliard dollarga sotilishi mumkinligini ma’qullashga qaror qilganini bildirgan.
“Biz Gretsiyaning Ukrainaga berishi yoki sotishi mumkin bo‘lgan mudofaa salohiyatidan manfaatdormiz. Agar bu imkoniyatlar Ukrainani qiziqtirsa va AQSH hukumati tomonidan baholangunicha, biz Gretsiya uchun 200 million dollargacha bo‘lgan qo‘shimcha xorijiy harbiy moliyalashtirish mablag‘lari imkoniyatlarini o‘rganishimiz mumkin”, deyiladi maktubda.
Shuningdek, Blinken Gretsiyaning KS-135 yonilg‘i quyish samolyoti bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, “The Times” nashri agar AQSH Kongressi Kiyevga yordam paketini ma’qullamasa, Ukraina Qurolli kuchlarida artilleriya snaryadlari zaxirasi kelgusi oy oxirigacha tugashini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi