Blinken Ar-Riyodda. U HAMASni Isroilning “o‘ta saxiy” taklifini qabul qilishga chaqirdi
Olam
−
29 aprel
7529AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 29 aprel kuni Yaqin Sharq inqirozini muhokama qilish uchun Saudiya Arabistoniga bordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH Davlat departamenti Blinken Saudiya Arabistoniga 29 va 30 aprel kunlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish, Falastin aholisiga gumanitar yordam yetkazish va HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish uchun tashrif buyurishini ma’lum qilgan.
Entoni Blinken Jahon iqtisodiy forumining maxsus sessiyasida ishtirok etish uchun Ar-Riyodga kelgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi.
Forum Prezidenti Borge Brendening xabar berishicha, sessiya davomida bir qancha davlatlarning yuqori martabali vakillari, jumladan, AQSH Davlat kotibi hamda Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr Tashqi ishlar vazirlari G‘azodagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Blinken HAMASni Isroilning G‘azo sulhi bo‘yicha so‘nggi va "o‘ta saxiy" taklifini tezda qabul qilishga chaqirdi.
“G‘azo xalqi bilan o‘t ochishni to‘xtatish o‘rtasida turgan yagona narsa – HAMAS. Ular qaror qabul qilish kerak va ular tez qaror qabul qilishi kerak. Umid qilamanki, ular to‘g‘ri qaror qabul qiladi”, degan Blinken Jahon iqtisodiy forumining maxsus yig‘ilishida.
Muzokaralar haqida ma’lumot bergan manbaning aytishicha, Isroilning taklifi yahudiy davlatida qamoqqa olingan falastinliklarni ozod qilish evaziga hanuzgacha ushlab turilgan 130 ga yaqin garovga olinganlardan 40 dan kamrog‘ini ozod qilishni qabul qilish bo‘yicha kelishuvni nazarda tutadi.
Blinken Saudiya Arabistoni va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar olib borishi, shuningdek, Misr, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Falastin vakillari bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi