Blinken HAMAS “o‘z majburiyatlaridan voz kechgani” sababli yana urush boshlanganini aytdi
Olam
−
02 dekabr 2023
3413AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken HAMAS “o‘z majburiyatlaridan voz kechgani” sababli janglardagi pauza tugaganini aytdi. Bu fikrni u Dubaydagi Al-Maktum aeroportida bildirdi.
Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, pauza tugashidan oldin HAMAS Quddusda hujum uyushtirib, uch kishini o‘ldirgan va amerikaliklarni yaralagan.
Uning iddao qilishicha, HAMAS ba’zi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlaridan voz kechgan.
Shuningdek, Blinken gumanitar pauzadan so‘ng Isroilga G‘azo fuqarolarini aniq himoya qilish va kelajakda insonparvarlik yordamini davom ettirish zarurligini aytganini bildirgan.
“Biz barcha garovga olinganlarni uyga qaytarishga e’tiborimizni qaratganmiz. Biz avvalgidek bu mojaroning boshqa joylarda tarqalishi va kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqdamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabr kuni HAMAS-Isroil o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar avj olgan bo‘lsa, oradan besh kun o‘tib, 12 oktyabrda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga borgandi. U Isroildan so‘ng Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda ham bo‘ldi va ushbu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qildi.
Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib borgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 3 noyabr kuni Blinken mojaro fonida uchinchi marta Isroilga borib, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. 30 noyabr kuni esa Blinken yahudiy davlatiga to‘rtinchi marotaba tashrif buyurdi.