Bizni chora ko‘rishga majbur qilmang – Bosh vazir koronavirus vahimasini uyg‘otayotganlarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
15 mart 2020
12779O‘zbekistonda karantin vaqtida yolg‘on va tasdiqlanmagan xabarlar tarqatish, odamlar orasida vahima uyg‘otish qonunchilikka ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortishga ham sabab bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi Matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Bosh vazir OAV vakillariga karantin bo‘yicha axborot berib borish tizimi yo‘lga qo‘yilishi va bir kunda 2-3 marta, kerak bo‘lsa 4 marta rasmiy axborot berilishini ma’lum qildi va tasdiqlanmagan axborot tarqatuvchilarni jiddiy ogohlantirdi.
“Men OAV ogohlantiryapman. Hozir respublika bo‘yicha favqulodda holatga o‘xshagan vaziyat e’lon qilinyapti. Agar kimdir o‘zicha chaqiruv qilib, odamlar orasida vahimali ma’lumot tarqatadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunda yetarlicha modda bor. Mana, Bosh prokuror o‘rinbosari qatnashyaptilar. Aniqlab, qulog‘idan ushlab, oftobga olib chiqib qo‘yishning muammosi yo‘q. Bizni har xil texnik choralarni ko‘rishga majbur qilmanglar. Kerak bo‘lsa, umuman efirga chiqmaydigan qilib qo‘yamiz. Internet tarmog‘ini ham o‘chirib qo‘ya olamiz. Texnik vositalarimiz yetarli.
Mana kecha “mo‘mintoy”, avtomobil narxlari bo‘yicha odamlarni vahimaga solib, chaqiruv qilgan ekan. Hozir kechasi bilan o‘tirib, “tovba qildim, hazillashgandim” deydi. Bu hazillashadigan narsami? Endi qonun oldida javob beradi”, deya ta’kidladi Abdulla Aripov.
Bosh vazir OAVni mas’uliyatni his qilishga va vaziyatga to‘g‘ri baho berishga chaqirdi.
"Qo‘lingizdagi OAV qanday kuchga ega ekanini bilgan biladi, bilmagan bilmaydi. Shu bilan birga buni ishlatish juda og‘ir, juda katta mas’uliyat. Buni ko‘targan qilishi kerak, ko‘tara olmaydigan odam qilishi kerakmas. Kuniga qancha ma’lumot kerak bo‘lsa, biz beramiz. Mutaxassislar har qanday savolga javob beradi. Mutaxassislarimiz yetarli", deydi Aripov.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi