Biznes-ombudsman reklamalarni buzishda qonunga amal qilishga chaqirdi
Jamiyat
−
09 iyun 2062 2 daqiqa
Toshkent shahrida reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutish lozim. Bu haqda Biznes-ombudsman mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Biznes-ombudsmanga Toshkent shahrida ayrim hollarda tadbirkorlarning reklama vositalari majburiy tartibda demontaj qilinayotgani hamda talablar bajarilmagan taqdirda elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur murojaatlar Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, hozirda holatlar atroflicha o‘rganilmoqda.
“Shu munosabat bilan mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’sir choralarini qo‘llashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi va har qanday cheklov va majburlov choralarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llashi lozimligi haqida ogohlantiriladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkent shahridagi reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilish ishlari boshlangan edi. Bu poytaxtning dizayn-kod talablari bilan bog‘liq.
Joriy yilning may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mazkur masala muhokama qilindi va tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Shuningdek, reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Live
Barchasi