“Qonunchilikka zid”. Biznes-ombudsman Toshkentning “Dizayn-kodi” bo‘yicha xulosa berdi
Jamiyat
−
25 aprel 4788 2 daqiqa
Biznes-ombudsman Toshkent shahar kengashining “Dizayn-kodi” to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan xulosa kiritdi. Bu haqda devon matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Biznes-ombudsman devoni tomonidan Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 2026 yil 17 fevraldagi VII-19-17-14-0-K/26-sonli “Toshkent shahrining “Dizayn-kodi” qoidalarini amaliyotga joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri o‘rganilgan.
Mazkur qaror bilan Toshkent shahrining “Dizayn-kodi” qoidalarini amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari belgilangan bo‘lib, o‘rganish natijasida hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid ekanligi aniqlangan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror bakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.
Qarorda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning huquqiy mezoni ochib berilmagan. Bundan tashqari, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk (ro‘yxatdan o‘tgan brend) huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Bir necha ob’ektlarga ega bo‘lgan tarmoq tashkil etgan brendlarning manfaatlari inobatga olinmagan.
Yangi talablarga moslashish uchun belgilangan 3 oylik muddat yetarli emas. Jarayonni tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tug‘dirmagan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibi nazarda tutilmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, normalarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish yuzasidan rasmiy xulosa kiritilgan.
Shuningdek, vakil devoni mazkur jarayonni tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini inobatga olgan holda, bevosita vakil xodimlari ishtirokida qayta ishlashni taklif etgan.
Ma’lumot uchun, mazkur qaror e’lon qilinganidan 3 oy o‘tgach, ya’ni joriy yilning may oyida kuchga kirishi kerak.
Qayd etish joiz, joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkent shahridagi ob’ektlardan reklama va peshlavhalarni olib tashlash boshlandi. Bu esa tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Rejaga ko‘ra, yil oxirigacha yangi dizayn-kod 36 ko‘chada, umumiy uzunligi 432 kilometr bo‘lgan hududda joriy etiladi. Hozirda 14 ta ko‘chadagi 100 kilometr masofada demontaj boshlangan, 6113 nafar tadbirkor peshtaxtalarini o‘zgartirish bo‘yicha bildirishnoma olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov poytaxtda tijorat binolaridagi reklama va peshlavhalarni demontaj qilish holatlariga munosabat bildirgandi. Uning bildirishicha, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim.
Live
Barchasi