“Bizga bunday qahramonlar kerakmas”. Prigojinning dafn marosimi maxfiy o‘tishi buyurilgan

Olam

image

“Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning dafn marosimini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni Rossiya Prezidenti ma’muriyati maxsus xizmatlar bilan birgalikda qabul qilgan. Bu haqda “The Moscow Times” jurnalisti Pyotr Kozlov rossiyalik ikki amaldorga tayanib xabar berdi.

Jurnalist suhbatdoshlariga ko‘ra, dafn marosimining formati masalasi Kremlning yuqori martabali amaldorlari va FSB xodimlari ishtirokidagi bir necha uchrashuvlarda muhokama qilingan. Ular qarorni ishlab chiqishda Prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko ishtirok etganini da’vo qilmoqda.

“Prigojinning jasadi bo‘lgan tobut qabrga tushirilganda, atrofda fuqarolar, yollanma askarlar va xayrixohlarning ommaviy yig‘inlari bo‘lmaydi, shuningdek, translyatsiya va fotosuratlarga ruxsat yo‘q, degan topshiriq kelgan”, deydi amaldorlardan biri.

Jurnalistning yana bir suhbatdoshi aytishicha, mamlakat rahbariyati Prigojinni kechira olmagan.

“Prigojin o‘zining adolatli so‘zlari, qo‘pol va ko‘pincha to‘g‘ri so‘zlari bilan ruslarning hissiyotlarini uyg‘otdi va ular uchun rasmiy Rossiya Qahramoni emas, balki xalq qahramoni bo‘ldi. Bizga Moskvaga qarshi chiqqan qahramonlar kerakmi? Yo‘q”, deydi rasmiylardan biri.

Bildirilishicha, shu sababli “Vagner” asoschisining dafn marosimi jamiyatda minimal rezonans bilan o‘tishi kerak, degan qaror qilingan. 

Prigojinning o‘limi

Joriy yilning 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirgan. 

Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.

27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo‘lganini tasdiqladi.

Kecha, 29 avgust kuni Prigojinning dafn marosimi ilgari ko‘plab Rossiya qahramonlari harbiy sharaf bilan dafn etilgan Serafimov qabristonida o‘nlab jurnalistlar navbatchilik qilayotganda, Prigojinning dafn marosimi butunlay boshqa cherkov hovlisida – Poroxovda jimgina o‘tgan. Uning dafn marosimiga Rossiya rahbari Vladimir Putin bormadi.


Maqola muallifi

Teglar

Vagner Evgeniy Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing