Prigojinning o‘g‘li AQSHda qotillik uchun sudga chaqirildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sobiq “oshpazi” Yevgeniy Prigojinning 26 yoshli o‘g‘li Pavel AQSHda “Vagner” yollanma askarlari tomonidan Liviyada tinch aholini o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishi doirasida tergovga tortildi. Bu haqda “Tochka” va “Mojem ob’yasnit” nashrlari xabar berdi.

Jinoyat ishi AQSHning Kolumbiya okrugi sudida tergov qilinmoqda, chunki da’vogar – suiqasd vaqtida omon qolgan ikki liviyalikdan biri Muhammad Anbis AQSHga ko‘chib ketgan. Unga ko‘ra, Liviyada sudlar orqali tegishli huquqiy himoyaga erishishning imkoni yo‘q.

Omon qolgan jabrlanuvchining aytishicha, 2019 yil sentyabr oyida Liviyadagi fuqarolar urushi vaqtida u va uning oilasining yana to‘rt a’zosi Tripoli yaqinida qurolli shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Bir necha soat davomida qiynoqqa solinganidan so‘ng ularni Ksar-bin-Gashir shahrida – o‘sha paytda “Vagner” yollanma askarlari joylashgan hududda binoga olib kirib, tiz cho‘ktirishgan va otib tashlashgan. Uch kishi halok bo‘lgan, da’vogarning akalaridan biri oyog‘idan ayrilgan. Anbisning so‘zlariga ko‘ra, yollanma askarlar rus tilida gaplashgan va “Vagner” guruhiga mansub bo‘lgan.

AQSHda erkak “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinga qarshi da’vo kiritgan. Ammo 2023 yil iyun oyida sodir bo‘lgan “adolat marshidan” va Prigojinning o‘limidan so‘ng, javobgar sifatida uning o‘g‘li Pavel ko‘rsatilgan. 3 fevral kuni unga sudga chaqiruv xati yuborilgan, biroq hujjatda manzil sifatida Sankt-Peterburgdagi “Vagner markazi” binosi ko‘rsatilgan – u yerda esa ikki yildan beri ularning ofisi yo‘q. Da’vogar vakili Omar Tabuni Prigojinning da’voda jinoyatga sheriklik va undash ayblovlari bo‘yicha tilga olinganini ma’lum qilgan. Shuningdek, da’vo bo‘yicha boshqa javobgar Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar bo‘lib, u AQSH fuqarosi hisoblanadi. Da’vogarlar ulardan kamida 80 million dollar talab qilmoqda.

“Tochka”, shuningdek, Pavel Prigojinga “meros” sifatida qolgan ilgari noma’lum bo‘lgan kompaniyalar tarmog‘ini ochiqladi. Jurnalistlar o‘rganib chiqqan hujjatlarga ko‘ra, bu firmalar katering sohasida ishlaydi, davlat kontraktlarini oladi hamda Moskvada restoran-paroxodlarga egalik qiladi. Prigojinning o‘limidan so‘ng, biznes “Talver” AJ nazoratiga o‘tgan. Ushbu kompaniya Prigojinning rafiqasi, qaynonasi va o‘gay otasi bilan bog‘liq. Kompaniyalardan biri – “River” MCHJ – to‘g‘ridan to‘g‘ri Pavel Prigojin nazorati ostida. 2023 yilda ushbu noma’lum kompaniyalarning umumiy daromadi 530 million rubl, foydasi esa 100 million rubl bo‘lgani aniqlangan.

Yevgeniy Prigojinning o‘limidan keyin uning biznes imperiyasini xavfsizlik tuzilmalari vakillari va Rossiyaning yirik milliarderlaridan biri bo‘lib olgan. “Novaya Gazeta Yevropa” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, “Vagner” asoschisining merosi 120 dan ortiq faol kompaniyadan iborat bo‘lgan. 2023 yilda bu kompaniyalar o‘z egalariga 2022 yilga qaraganda ham ko‘proq daromad keltirgan – 74 milliard rubl o‘rniga 154 milliard rubl.

Masalan, bir qancha kompaniyalar sobiq politsiyachilar tomonidan boshqarilmoqda. Rossiya armiyasini oziq-ovqat bilan ta’minlagan “Pishchevik” korxonasi 2023 yilda qariyb 1 milliard rubl foyda ko‘rgan, 2024 yil may oyida uni Sankt-Peterburglik sobiq politsiyachi Aleksey Ribakov boshqargan. U boshqa shaxslarning telefon kontaktlarida “oper 30 bo‘lim” va “Ugro” (jinoyat qidiruv bo‘limi) sifatida yozib qo‘yilgan.

Prigojinning o‘g‘li, shuningdek, Sankt-Peterburgdagi Sinopskaya damba hududida joylashgan Sinop savdo markazi ustidan nazoratni saqlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 24 avgustga o‘tar kechasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi Yevgeniy Prigojin va guruh qo‘mondonlaridan biri Dmitriy Utkin Embraer biznes jeti bilan halokatga uchragan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evgeniy Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing