“Bizda “Titanik” emas”. Zelenskiy G‘arbdagi ittifoqchilari harakatidan shikoyat qildi 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ba’zi G‘arb davlatlarining Rossiyaning ehtimoliy bosqini tufayli Ukrainadan diplomatlari va ularning oilalarini evakuatsiya qilishni boshlash qarorini xato deb hisoblaydi. Bu haqda Zelenskiy xorijiy OAV vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.  

“Ha, menimcha, bu xato bo‘ldi. Men bu haqda ochiq gapiraman. Bu hurmatli davlatlar hukumatlarining xatosi deyishga haqqim yo‘q. Bu biz uchun, Ukraina uchun xato, deb hisoblayman. Biz diplomatlardan olgan signallarga ko‘ra, bular [evakuatsiya qilingan] birinchi darajali ishchilar emas edi. Men bunday o‘ylamayman. Bunday vaziyatda hamma narsa birinchi darajali. Hamma joyida bo‘lishi kerak”, degan Zelenskiy. 

Zelenskiy elchixona xodimlarining evakuatsiya qilinishini “muhim signal” deb atagan. Unga ko‘ra, hamma bunga e’tibor qaratadi, hamma YeIning qaysi davlatlari, Britaniya va AQSH qanday munosabat bildirishini tushunadi. 

“Elchixona xodimlari va diplomatlar bu yerda bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bular diplomatiya “kapitan”lari. Ular davlatlarining vakillari va biz bilamizki, oxirida kapitanlar kemani tark etadi. Menimcha, bizda “Titanik” emas. Ukraina oldinga intilmoqda”, degan Ukraina rahbari. 

Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ehtimolini yuqori deb bilishini aytgan, ammo vahima qo‘zg‘atmaslikka yana bir bor chaqirgan. Unga ko‘ra, Rossiyaning ehtimoliy hujumi haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lgach, Ukraina iqtisodiyotidan 12,5 milliard dollar olib qo‘yilgan. 

“Davlatimiz bir o‘zi bu kabi qiyinchiliklarga bardosh bera olmaydi. Davlat zaxiralaridan biz milliy valyutamizni barqarorlashtirmoqdamiz, shuning uchun bu Ukraina uchun juda qimmat, bu biroz muvozanatsiz axborot siyosati. Hatto davlatlarning hurmatli rahbarlaridan ham signallar keldi, ular diplomatik tilda ham emas, ochiqchasiga “Ertaga urush bo‘ladi”, deyapti. Bu vahima. Bozorlarda vahima, moliyaviy sektorda vahima. Bu bizning davlatimizga qanchaga tushadi?” degan Zelenskiy. 

Kiyev va G‘arb davlatlari so‘nggi paytlarda Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida “tajovuzkor harakatlari” kuchayganidan xavotir bildirgan. Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov qo‘shinlar o‘z hududi doirasida va o‘z xohishiga ko‘ra harakatlanayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni tashvishga solmasligi kerak. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, Rossiya Ukraina atrofidagi mojaro uchun hech qanday bahona yaratmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

494

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing