Bizda hech qaysi davlat bilan muammo yo‘q va bezorilikka toqat qilmaymiz – Pezeshkiyon
Olam
−
20 Sentabr
3837Eronning hech bir davlat bilan muammosi yo‘q va u o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga intilyapti, ammo Tehron bezorilikka toqat qilmaydi. Bu haqda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tehronda Majlisning Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zolari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Pezeshkiyon hukumatining ichki va tashqi siyosatdagi maqsadlarini tushuntirar ekan, Eron dunyoning barcha davlatlari bilan o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik va munosabatlarni kengaytirishni maqsad qilganini aytdi.
“Turli platformalarda ko‘p marta ta’kidlaganimdek, bizda hech qaysi davlat bilan janjal yo‘q. Biz tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga intilamiz, biroq bezorilikka mutlaqo toqatimiz yo‘q”, degan u.
Prezident G‘azo va Livanga hujumlarida Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb davlatlariga murojaat qildi:
"Ular o‘n minglab ayollar va bolalarning o‘ldirilishi, maktablar va kasalxonalarning bombardimon qilinishini qanday va nima bilan qo‘llab-quvvatlashlari mumkin?"
Qo‘shni davlatlar bilan ham aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan Eron Prezidenti qo‘shni davlatlar bilan imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish, energetika sohasi, transport, tranzit va transchegaraviy savdo salohiyatini oshirishda parlament muhim rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Mas’ud Pezeshkiyon 16 sentyabr kuni Tehrondagi matbuot anjumanida agar Vashington Tehronga dushman emasligini ko‘rsatsa, Eron AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishi mumkin ekanini aytgandi.
LiveBarchasi