Biz “Tolibon”ni tan olmaymiz – Oq uy
Olam
−
29 may
4044Qo‘shma Shtatlar “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olish niyatida emas. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda Rossiya rahbariyatining “Tolibon” harakati haqidagi bayonotlarini izohlab aytib o‘tdi.
“Biz “Tolibon”ni Afg‘onistonning rasmiy rahbariyati sifatida tan olmaganmiz va tan olmaymiz”, deydi Oq uy vakili.
Shu bilan birga, u Rossiyaning “Tolibon”ni tan olishi “boshqalarga yomon signal berishi”ni urg‘uladi.
“Tolibon” hokimiyatga kelganida bajarishga va’da bergan hech bir majburiyatni bajarmadi”, deydi Kirbi.
U harakatning afg‘on fuqarolari va mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan harakatlarini tanqid qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 may kuni Rossiya Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari mamlakat Prezidentiga “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida ma’lumot kiritdi. Tashqi ishlar vaziri buni “Tolibon” harakati Afg‘onistonda haqiqiy kuchga ega ekanligi bilan bog‘ladi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa "Tolibon"ning terrorchilar ro‘yxatidan chiqarilishini izohlar ekan, Rossiya “Tolibon” harakatini tan olish masalasida Markaziy Osiyodagi hamkorlarining fikrini inobatga olishi va qaror birgalikda ishlab chiqilishini bildirdi.
2024 yil 27 may holatiga ko‘ra, "Tolibon" Rossiyadan tashqari Kanada, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiyada rasman terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.
"Tolibon"ni BMT darajasida terrorizm bilan bog‘liq tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish uchun BMT Xavfsizlik Kengashi tegishli qo‘mita bilan kelishilgan holda, BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasida belgilangan tartibda tegishli sabablardan biriga asoslangan yangi rezolyutsiya qabul qilishi kerak.
LiveBarchasi