Biz tinchlik rejasini “megafon rejimida” muhokama qilmaymiz – Peskov

Olam

image

AQSHning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi Kreml tomonidan “baland ovozda” bayonotlar orqali muhokama qilinmaydi. Bu haqda bugun, 21 noyabr kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Siz shunday murakkab masalani “megafon rejimida” muhokama qilishimizni xohlaysizmi? Biz tinchlik muzokaralariga, jarayonning o‘zi uchun emas, muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun ochiqmiz va biz haqiqatan ham bu muzokaralar muvaffaqiyat bilan yakunlanishini xohlaymiz. Ana shu sababdan biz buni megafon rejimida muhokama qilishga tayyor emasmiz”, deydi u.

Peskovning aytishicha, AQSH rejasi hali rasman qabul qilinmagan.

“Biz uning turli modifikatsiyalari mavjudligi haqida bilamiz, lekin rasman hech narsa olganimiz yo‘q, ayrim ma’lumotlarni matbuotdan bilib olyapmiz. Hozircha hech narsa amalda muhokama qilinmayapti. Biz dialogga ochiqmiz”, deydi u.

Qayd etish joiz, gap AQSHning 28 banddan iborat tinchlik rejasiga haqida ketmoqda. Bu hujjatni Ukraina Radasi deputati Aleksey Goncharenko, shuningdek, “Axios” va “Financial Times” e’lon qildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu rejani qo‘llab-quvvatlagan.

Goncharenko e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, reja Qrim, Lugansk va Donetskni de-fakto Rossiya hududi sifatida tan olish, Ukrainaning NATOga kirishdan konstitutsiyaviy tarzda voz kechishi, Ukraina Qurolli kuchlari sonini cheklash va Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish kabi bandlarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hozir qiyin tanlov oldida turganini aytib, xalqiga murojaat yo‘llagan edi. Uning bu murojaati Vashingtonning joriy yil 27 noyabr kuniga qadar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi imzolanmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgani fonida yo‘llanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Ukraina Dmitriy Peskov tinchlik rejasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing