Biz sayyora tarixidagi oltinchi ommaviy qirg‘in o‘rtasida yashayapmiz

Jamiyat

image

So‘nggi yillarda sayyoramizdagi iqlim keskin o‘zgarib ketdi. Bir tomonda dahshatli toshqinlar, yuvilib ketgan uylar, ikkinchi tomonda shafqatsiz issiq, tinimsiz yonayotgan o‘rmon, yana boshqa tomonda esa qish. 

Ommaviy axborot vositalarini kuzatar ekanmiz tez-tez yuzdan ziyod insonlarning o‘limlari, mingdan ortiq odamlarning bedarak yo‘qolganligi, suv ostida qolgan shaharlar, tutundan aziyat chekayotgan dunyo haqidagi xabarlarga duch kelamiz. 

Ekologlarning fikriga ko‘ra, agar dunyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilishga jiddiy e’tibor qaratmasa, 2100 yilga kelib sayyoramizdagi harorat anomal darajada ko‘tarilib ketishi oqibatida muzliklar erib, suv o‘z havzasidan toshib ketadi. Oqibatda yer sayyorasi odam yashashi uchun xavfli bo‘lib qolishi mumkin. Hozir-chi? Hozirgi holat qanday?

13-15 iyul kunlari Germaniyada yuz bergan “Bernd” sikloni oqibatida 164 nafar odam vafot etdi, 749 kishi jarohat oldi, qanchadan-qancha uylar oqdi, yo‘llar yuvilib botqoq holatiga keldi. Ushbu toshqindan Germaniyadan tashqari, Belgiya va Niderlandiya ham zarar ko‘rdi. Kuchli yomg‘ir Avstriya, Shveysariya, Fransiya va Buyuk Britaniyani ham qamrab olgani aytilmoqda. Ushbu toshqin G‘arbiy Yevropada yuz bergan so‘nggi 20 yil ichidagi eng katta toshqin sifatida tarixda qoldi.

Kecha, 22 iyul kuni esa Turkiyaning Arxavi tumanidan o‘tgan Arxavi daryosi kuchli yomg‘ir oqibatida toshib, dahshatli toshqinni keltirib chiqardi. Oqibatda tuman markazi, qishloq yo‘llari suv ostida qoldi. Qurbonlar haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo ikki kishi jabrlangan, uylar, ko‘priklar, mashinalar qattiq zarar ko‘rgan. 

20 iyul kuni Xitoyning Xenan provinsiyasi Chjenchjou shahri yaqinidagi to‘g‘on suv toshqini oqibatida vayron bo‘ldi. Hattoki, provinsiyada joylashgan Chjenchjou metrosini ham suv bosib, yo‘lovchilar bloklanib qoldi.

Germaniyada boshlangan suv toshqinlari Belgiya, Gollandiya, shuningdek Avstriya va Chexiyada ham kuzatilgani haqda aytgandik. Belgiyada hozirgacha halok bo‘lganlar soni 31 kishini tashkil etmoqda. 163 kishi esa bedarak yo‘qolgan. Shuningdek, Avstriyada ham bir kishi toshqin qurboni bo‘lgan.

Endi esa sayyoramizning boshqa tomoniga qaraymiz. Rossiyaning Yoqutiston avtonom respublikasida 100 ga yaqin o‘rmonlar yonmoqda. Okean ortidagi Kaliforniyada esa bu holat uzoq yillardan beri kuzatilyapti. Yong‘in oqibatida kelib chiqqan tutunlar boshqa mamlakatlarga ham yetib borgan. Odamlar tutundan aziyat chekib, shifoxonalarga murojaat qilyapti. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibiga kiruvchi Butunjahon meteorologiya tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida eng ko‘p o‘limlar qurg‘oqchilik, bo‘ron, toshqin va ekstremal harorat oqibatida yuz bergan. Birgina toshqinlar oqibatida 58 700 kishi, bo‘ronlarda esa 577 232 kishi vafot etgan.

Bu xabarlarni eshitib, barchada savol tug‘iladi: “Endi dunyoni suv bosadimi?”

Iqlim isishi natijasida muzliklarning erishi va okeanlar sathi ko‘tarilishi kuzatilishi mumkin. BMTning tahlilchilari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qirg‘oqdagi millionlab odamlar tez-tez toshqindan halok bo‘layotgani sabab, ularni boshqa joyga ko‘chirish zarur. Dengiz, sathining ko‘tarilishi ko‘plab shaharlarga toshqin bilan tahdid qilyapti. Tadqiqotchilarning taxminlariga ko‘ra, agar iqlim shu alfozda o‘zgarishda davom etsa, Venetsiya, Niderlandiya, Bangladesh davlatlari, Bagama va Maldiv orollari birinchilardan bo‘lib suv ostida qolishi mumkin. Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Belgiya, Iroq, Tayland va Vetnam kabi mamlakatlardagi muhim joylarni suv bosishi taxmin qilinmoqda. Birgina Xitoyning o‘zida 140 millionga yaqin kishi uylaridan ayrilishi va Yaponiyada esa aholining to‘rtdan bir qismi ya’ni 30 milliondan ortiq kishining uylarini suv bosish mumkin. 

2100 yilga kelib namlikning ko‘tarilishi oqibatida ba’zi mamlakatlar yashashga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin. Amerikalik olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ayni damda Qatar, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlaridagi holat xavf ostida. Bangladeshda bo‘ronlar ko‘paygan, okean sathi ko‘tarilgan. Mamlakat qirg‘oqqa yaqin hududda joylashgan. Shuning uchun 100 million odam hayoti xavf ostida. Ularni boshqa joyga ko‘chirish lozim.

Iqlimshunoslarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2070 yilga kelib issiqxonalardan chiqadigan gaz chiqindilarining o‘sishi ortidan Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi o‘rtacha havo harorati 74-77 ° C ga ko‘tariladi va ushbu hududlar odamlar uchun yashashga xavfli bo‘lib qoladi. 

Ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, biz sayyora tarixidagi oltinchi ommaviy qirg‘in o‘rtasida yashayapmiz. Va bu safargi jarayonning hammasiga odamlar va ularni nafsi sababchi. Agar iqlimning isishi to‘xtatilmasa, ko‘plab ekotizimlar, ularga kiritilgan tirik mavjudotlar turlari kamayib ketadi.

Shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosining 30-40 foizigacha bo‘lgan turlari umuman yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishi haqida ehtimollar mavjud.

BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, issiqlik, ayniqsa, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi rivojlanmagan mamlakatlarda ekinlar hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, oziq-ovqat muammolariga olib keladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, 2080 yilga kelib ochlik xavfiga duchor bo‘ladigan odamlar soni 600 million kishiga ko‘payishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan yana bir muhim holatlardan biri ichimlik suvining yetishmasligidir.  Qurg‘oqchilik avj olgan mintaqalarda (O‘rta Osiyo, O‘rta yer dengizi, Janubiy Afrika, Avstraliya va boshqalar) yog‘ingarchilikning pasayishi bilan vaziyat yanada og‘irlashadi. Ochlik, suv yetishmasligi va hasharotlarning migratsiyasi epidemiyaning kuchayishiga va shimoliy hududlarda bezgak, isitma kabi tropik kasalliklarning tarqalishiga olib kelishi mumkin.

Gidrometeorologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyadagi o‘rtacha yillik harorat butun dunyoga qaraganda 2,5 baravar darajada tez o‘syapti. Eng faol isish Rossiya Federatsiyasining shimoliy hududlarida kuzatilgan. Yuqorida aytganimizdek, mamlakatda o‘rmon yong‘inlari kuzatilyapti.  

XXI asr oxiriga kelib Arktikada harorat 7 °C ga, Rossiyada esa qishning o‘rtacha harorati 2-5 ° C gacha ko‘tarilishi mumkin. 
 
Olimlarning fikriga ko‘ra, insoniyat iqlim o‘zgarishini to‘liq oldini olishga qodir emas.  Biroq, issiqxonalardan chiqadigan gaz chiqindilarini cheklash, muqobil energetikani rivojlantirish va iliqlik tufayli xavflarni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish zarur.

Iqlim o‘zgarishi natijasida yetkazilgan zararni minimallashtirish rejalari inson faoliyatining barcha sohalarini, shu jumladan sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi infratuzilmalarini qamrab olishi kerak. 

Iqlimshunoslarning fikriga ko‘ra, harorat ko‘tarilishini normal holatda ushlab turish uchun mamlakatlar 2050 yilga kelib dunyoga chiqaradigan chiqindilar miqdorini 1990 yildagiga nisbatan ikki baravar, XXI asr oxiriga kelib esa nol miqdorda kamaytirishi lozim. Bu, bir tomondan, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, boshqa tomondan, muqobil energiya manbalariga o‘tish zarurligini anglatadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

341

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing