O‘g‘il-qizim va ota-onamdan uyaldim — Qudbiyev so‘kingan audiosiga izoh berdi

Jamiyat

0:00
0:00
download

Xabaringiz bor, Davlat soliq qo‘mitasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevni soliq organi xodimlari haqidagi mulohazalari uchun sudga berib, undan yirik miqdorda ma’naviy zarar undirishga bo‘lgan harakati jamoatchilik tomonidan juda ham keskin norozilikka uchradi. Ammo keyinroq bu masala tomonlarning kelishuvi bilan sudsiz hal etildi.

Kecha, 24 may kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Toshkent 5 tashabbus harakati festivalida ishtirok etib, yoshlar bilan muloqot qildi. Tadbirdagi ishtirokidan keyin Qudbiyev QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova bilan suhbatlashib, xalqning soliqchilarga ishonchsiz munosabati, ularning o‘z raisi tomonidan haqoratga uchraganda tegishli idoralarga murojaat qilmaganining sababi haqida fikrlarini bildirdi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Xalq soliqchilarga u qadar ishonmaydi. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz va qayerda xato qilyapsizlar?

Sherzod Qudbiyev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi: — O‘ylaymanki, juda ko‘p joyda xato qilyapmiz, katta kamchiliklarimiz bor. Eng katta kamchiligimiz, o‘zimizni haligacha kuchishlatar idora deb hisoblaymiz. Lekin bu noto‘g‘ri. Biz kuchishlatar idora emas, xizmat ko‘rsatuvchi idoramiz. Bekorga davlat soliq xizmati deyilmaydi. Biz soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Katta xatolardan biri mana shu nuqtayi nazardan o‘zimizning dunyo qarashimizni o‘zgartira olmayotganimiz. Bu ustida ishlashimiz kerak. Ikkinchi katta kamchiligimiz, bizning ma’lumotlar bazamiz hali mukammal emas. Biz har bir soliq to‘lash jarayonlarini avtomatlashtirishga harakat qilyapmiz. Shunda o‘zgarish bo‘laveradi, hamma buni sezishni boshlaydi.

F.N.: — Soliq organi xodimlari mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish haqida gap borayotgandi. Bu jarayon qaysi bosqichda? Turli vazirlik va tashkilot xodimlari hamda rahbarlari mol-mulkni deklaratsiyalashni qachondan boshlaydi?

Sh.Q.: — Men boshqa vazirlar to‘g‘risida javob berolmayman. Bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Davlat soliq organlari xodimlari mana shu tashabbus bilan chiqdi va biz buni, albatta, uddalaymiz. Bugun o‘sha qaror loyihasi Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Biz 2020 yildagi mulklarimiz to‘g‘risida xalqqa oshkora ma’lumot berishga harakat qilyapmiz.

F.N.: — Deputat Rasul Kusherboyevning mulohazalari soliq organlari xodimlarini ranjitdi va ular yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishdi. Sizning ham xodimlaringizga nisbatan qo‘pollik qilganingiz audiosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Ular o‘z rahbarining qo‘pol muomalasini to‘g‘ri qabul qilib, deputatning aytganlarini yuragiga yaqin olganiga qanday munosabat bildirasiz?

Sh.Q.: — Bu savolni kutib yurgandim. Ichkarida berishsa kerak deb o‘ylagandim. Bu juda katta uyat. Eng katta uyat bilasizmi kimning oldida? Farzandlarning oldida. Ular ham eshitdi-da bu narsani. O‘g‘lim, qizim bor. Ota-onam eshitdi. Bu judayam xunuk. Men ularning oldida kechirim so‘rashim kerak. Lekin o‘shanda xodim bilan bo‘lgan voqeaning katta farqi shundaki, shu narsalar tarqalib ketganidan keyin va chiqib ketguncha, nafaqat shaxsan qabul qildim, balki pastga tushib, Zoom ulab, barcha xodimlarning oldida undan kechirim so‘radim. Rasul Kusherboyev bilan bo‘lgan voqea haqida men ham keyin bildim. Kasaba uyushmamiz shu qarorga kelibdi. Bu savolni ularga bersa to‘g‘riroq bo‘ladi. Birinchi holatda esa men o‘zimni tuzatib, xodimdan kechirim so‘radim. Balki shu holat meni suddan qutqarib qoldi, deb o‘ylayman.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktyabr oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda DSQ raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagani, uning hisob raqamini yopib qo‘yilganidan g‘azablanib, xodimni haqorat qilgani yozilgan audio tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qo‘mita raisi audioyozuvdagi gaplar unga tegishli ekanini tan olgan, ammo bu bo‘yicha biror chora ko‘rilgani haqida xabar berilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Qudbiev

Baholaganlar

435

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing