Bittadan ortiq mashinasi bor oilalardan ko‘proq soliq olish taklif etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda atmosfera havosining ifloslanishini oldini olish maqsadida birdan ortiq avtomobilga ega oilalarga mol-mulk solig‘ini ko‘proq to‘lash tartibini joriy etish taklif qilindi. Bunday taklifni O‘zbekiston Ekologik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Nosirjon Aminov bildirdi.

Deputat Aminov Toshkent shahri havosidagi ifloslanish darajasi yaxshilanishidan darak bo‘lmayotganini, tartibsiz qurilishlar sababli daraxtlar kesilishi, transport vositalari soni keskin oshib ketishi baribir o‘z so‘zini aytayotganini bildirgan. 

“Shaharda tartibsiz qurilishlarni yoki avtomobillar harakatlanishini cheklamasak, o‘nglanishimiz qiyin bo‘ladiganga o‘xshab turibdi. Kimgadir yoqar yoki yoqmas, ammo ifloslangan havodan bolalarimiz nafas olishiga tomoshabin bo‘lishdan voz kechish vaqti keldi”, deydi Nosirjon Aminov.

Shu o‘rinda deputat quyidagi takliflarni ilgari surgan:

  1. Qurilish ishlarini tashkil qilish uchun belgilangan “SanPin” talablariga rioya qilmagan qurilishchilarni keskin javobgarlikka tortilish;
  2. Poytaxt hududida tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida avtomobillarning harakatlanishini tartibga solish ishlarini qayta ko‘rib chiqish, hatto vaqtincha bo‘lsa-da shaharga kirishda ayrim cheklovlarni tatbiq qilish;
  3. Atmosfera havosining ifloslanishini oldini olish maqsadida birdan ortiq avtomobilga ega oilalarga mol-mulk solig‘ini ko‘proq to‘lash tartibini joriy etish.

“Bir so‘z bilan aytganda, xususiy avtomobildan foydalanish hashamdor, jamoat transportlari qulay hamda piyoda yo‘llari esa zamonaviy va xavfsiz holatda bo‘lishi zarur!” deya xulosa qilgan deputat.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ekologiyani asrash uchun jamoat transportidan foydalanishni qulay, tartibli va arzon qilib, xususiy transportlarga ayrim xizmatlarni qimmatroq qilish kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent avtomobil' atmosfera Nosirjon Aminov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing