Bitta oilani eplolmagan “qahramonlar” va behujjat ayollar ko‘payib ketdi – Alisher Qodirov

Jamiyat

image

Kecha, 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Biroq amaldagi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalar keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo‘ldi, shu bois deputat Alisher Qodirov bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Aytish joiz, taklif etilayotgan qonun loyihasida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik hamda jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilgan. 

Deputatga ko‘ra, mazkur cheklovlar bilan jamiyatning qadrli mezonlarini himoya qilish maqsad qilingan. 

“Oila, ayol, avrat, nikoh, farzand… hammamiz uchun, juda qadrli mezonlar!  Bugungi ahvolimizga qarang! Kim qadrli mezonlarimizni xavf faktorlariga aylantirib yuboryapti!? Masalan, dinimizda ayol kishining yuzi avrat emas, lekin e’tiqodni niqob qilib, yuzini tamoman yopib olgan “maqsadi noma’lum”, burqa kiyib olgan erkaklar qo‘lga tushdi, ular kimlar va maqsadlari nima? Avratni yopib yurish shart, lekin yuzingni ochib yur, Yaratgan yuzni avrat qilmadiku? Jamiyat, qolaversa yaqinlarimizni xavfsizligi uchun bunga e’tibor bermaslik mumkinmi?” deydi Alisher Qodirov.

Deputat shuningdek, qonunchilikka kiritilayotgan qo‘shimchalar bilan nikoh taqiqlanmagani, uni mustahkamlash uchun tartibga solish, nikoh o‘qitib olib, uchta-to‘rttalab farzandni ko‘chaga tashlab ketayotgan erkaklarga nisbatan chora ko‘rish maqsad qilinganini ta’kidlagan. 

“Davlatga ko‘rinmaydigan, qonunga asosan yordam berish mumkin bo‘lmagan behujjat ayollar, bolalar keskin ortib ketdi, bu ketishda nima bo‘ladi?!  Nikoh, oila, farzand shunchalar beqadr bo‘ldimi? Nikoh taqiqlanmadi, uni mustahkamlash uchun tartibga solinayapti: avval ro‘yxatdan o‘t, davlat har bir fuqaroni hisobini bilishi kerak!” deydi u. 

Alisher Qodirov aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, qonuniy burchini bajarishdan qochib yurgan erkaklar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tgan. 

“Reklama birinchi bo‘lib qorni ochga ta’sir qilganidek, bitta oilani eplash qo‘lidan kelmagan qahramonlar, dinimizda belgilangan aniq va juda og‘ir shartlar va majburiyatlarga qaramay, bir kalla qand bilan nikoh o‘qitib olib, g‘o‘ddayib alimentdan qochib yurishibdi. Bu nikohga isnod, ayolni xo‘rlash emasmi!? Farosat va diniy bilimi borlar tushunadigan cheklovni taqiq deb baqirayotganlar aynan shu g‘o‘dayganlar bo‘lib chiqsa hayron bo‘lmayman”, deydi deputat.

Shu bilan birga, u nega kamsitishlarga jazo kuchayishi kerak? degan savolga ham javob berib o‘tgan. 

“E’tiqod sababli kamsitish kabi sovet kasalidan qutulyapmiz, lekin milliy, etnik, ko‘pchilik-ozchilik niqobini kiyib olib, qolganlarni kamsitish, og‘ziga urish, provokatsiya qilish, yo‘q joyda nizo, adovat qo‘zg‘atishning maqsad-oqibatlari haqida soatlab yozish mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun huquqiy asos yaratilmoqda. Oson bo‘ladimi huquqiy baho? Albatta yo‘q, lekin qarab turmoqchi emasmiz. Amaliyot xato ko‘rsatsa, tuzatiladi, tahlillar to‘xtatilmaydi”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Alisher Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing