Bishkekning sobiq meri namoyishlar fonida ozodlikka chiqdi
Olam
−
06 Oktabr 2020
14065Qirg‘izistonda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida poytaxt Bishkekning sobiq meri Albek Ibraimov bugun, 6 oktyabrkuni jazoni o‘tash muassasasining axloq tuzatish koloniyasidan ozod qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston sotsial-demokratlari partiyasining shtab-kvartirasida xabar berildi.
"Ibraimov koloniyadan ozod qilingan va u allaqachon Bishkek tomon yo‘l olgan", deydi partiya vakili. Sobiq shahar hokimi jazoni respublikaning Chuy viloyati Petrovka qishlog‘idagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida o‘tayotgan edi.
Ibraimov 6 oktabrga o‘tar kechasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida namoyishchilar tomonidan ozod qilingan mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning eng yaqin sheriklaridan biridir. Sobiq merni ozod qilishning qonuniy tartibi tafsilotlari hali ma’lum emas.
O‘tgan yilning dekabr oyida Bishkek shahrining Lenin tuman sudi korrupsiya ishi bo‘yicha Ibraimovni mol-mulkini musodara qilish bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.
Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi
Namoyishlarda hozirgacha bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Kuchishlatar tuzilmalarning 200 ga yaqin xodimi jarohatlandi.
LiveBarchasi