Bishkekdagi talato‘plar bo‘yicha Hukumat bayonot bilan chiqdi
Olam
−
18 may 2024 10133 2 daqiqa
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi Bishkekda xorijliklarga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlaridan so‘ng bayonot berdi. Bayonot matni Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati tomonidan tarqatildi.
“Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishi tufayli etnik zo‘ravonlik va tartibsizliklarni keltirib chiqarishga urinishlarni keskin qoralaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Hukumat xalqaro matbuotda qotillik va xorijlik talabalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi yolg‘on xabarlarni rad etadi.
Qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari ro‘y bergan huquqbuzarliklarning barcha holatlarini puxta o‘rganmoqda. Barcha aybdorlar aniqlanib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
“Oxirgi bir necha oy ichida rasmiylar noqonuniy migratsiya va nomaqbul shaxslarni chiqarib yuborishga chek qo‘yish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmoqda. Chet ellik talabalarga nisbatan murosasizlikni uyg‘otishga qaratilgan har qanday iddaolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va xalqimizning azaldan tilga tushgan do‘stlik va mehmondo‘stlik ruhiga to‘g‘ri kelmaydi. Qirg‘iziston hukumati xavfsizlikni ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Huquq-tartibot kuchlarimiz jamoat tartibini buzishga qaratilgan har qanday urinishlarga qat’iy chek qo‘yadi”, deya xulosa qildi Vazirlar Mahkamasi.
Eslatib o‘tamiz, 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi poytaxt Bishkekda mingdan ortiq odam ishtirokida miting bo‘lib o‘tdi. Unga 13 maydagi mushtlashuv sabab bo‘lgan. O‘sha kuni kechqurun Budyonniy yotoqxonasida mahalliy va xorijlik fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Politsiya Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 280-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va janjalning barcha ishtirokchilari ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
17 may kuni kechasi sodir bo‘lgan tartibsizliklardan so‘ng 29 kishi tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev miting ishtirokchilarining talablarini qo‘llab-quvvatlab, respublika qonunchiligini buzayotgan xorijliklarga nisbatan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan kerakli ishlar olib borilayotgani, asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari huquqbuzarlik sodir etayotganini aytdi.