Bishkekda MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari yig‘ildi
Olam
−
24 may
6031Bugun, 24 may kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 54-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ochiq va konstruktiv muloqot muhimligi, kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida davlatlar xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar va birgalikdagi sa’y-harakatlarni, razvedka xizmatlarining rolini kuchaytirish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.
Uchrashuv chog‘ida uyushgan jinoyatchilik, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha taklif va tashabbuslar, jumladan, 2024 yil 22 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Krasnogorsk shahridagi "Krokus Siti Holl"da sodir etilgan terakt yuzasidan o‘tkazilgan tergov natijalari hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikning boshqa dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov MDH davlatlarining xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari vakillari oldida so‘zlagan nutqida Maxsus xizmatlar rahbarlari kengashi bugungi kunda ekstremistik va terroristik tahdidlarga qarshi kurashda muhim tuzilmalardan biri ekanini ta’kidladi.
"Noaniqlik, notinchlik va mojarolarning kuchayishi bilan tavsiflangan dunyoda davom etayotgan o‘zgarishlar, shuningdek, joriy yilning 22 martida Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl"da ko‘p sonli qurbonlar bilan sodir bo‘lgan so‘nggi fojiali voqealar razvedka xizmatlarining rolini kuchaytirish, ularning faoliyatini takomillashtirish va davlatlarimiz xavfsizligini ta’minlashda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini yana bir bor namoyish etdi”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
Yig‘ilishda O‘zbekistondan Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov qatnashdi.
Ishtirokchilar ushbu platformaning xavfsizlik sohasida ko‘p tomonlama hamkorlik qilish uchun dolzarbligini qayd etib, MDH makonida kelgusida yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldi. Xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2024 yilning ikkinchi yarmida Qozog‘istonda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Bishkekdagi mazkur yig‘ilishda qatnashgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov “Krokus Siti Holl”dagi terakt buyurtmachilari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazmoqchi bo‘lganini aytgandi. Yig‘ilishdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashgan Rossiya Federatsiyasi Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin esa AQSH va Britaniya razvedka xizmatlari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilayotganini aytgandi.
LiveBarchasi