Bishkek va Dushanbe chegaradan harbiylarini olib chiqishga kelishdi
Olam
−
13 aprel 2022
4540Bugun, 13 aprel holatiga ko‘ra, Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasi uchastkasida vaziyat nisbatan barqaror. Hech qanday otishma qayd etilmagan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) chegara xizmati matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “Kabar”.
Xabarda aytilishicha, 13 aprelga o‘tar kechasi Qirg‘izistonning Botken viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Qirg‘iziston va Tojikiston chegara boshqarmalari rahbarlari hamda ikki viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari ishtirok etgan.
Tomonlar qo‘shimcha kuch va vositalarni doimiy joylashtirish punktlariga olib chiqilishini nazorat qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, ikki respublika delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni qirg‘iz-tojik davlat chegarasida qurol qo‘llash bilan bog‘liq yana bir hodisa yuz berdi.
Otishma natijasida qirg‘iz tomondan yaradorlar va jarohatlanganlar yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonning bir harbiy xizmatchisi jarohat olgan. Ikki davlat chegara vakillari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida otishma to‘xtatilgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.
Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.
Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.
LiveBarchasi