Bishkek 2025 yilda turkiy dunyoning raqamli poytaxti bo‘ladi
Olam
−
07 noyabr
1980Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka 2025 yilda turkiy dunyoning raqamli poytaxti maqomini beriladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov kecha, 6 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammitida so‘z ochdi.
“Bishkekka 2025 yilda turkiy dunyoning raqamli poytaxti maqomini berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Japarov.
Japarovga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasining TDTga raisligi “Turkiy dunyoni mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barchaning xavfsizligi” shiori ostida o‘tadi. Shuningdek, mamlakat raislik davrida joriy sammitda qabul qilingan qarorlarni samarali joriy qilish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
“Avvalo, bizning raisligimiz Tashkilotning “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturi, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi” va boshqa strategik hujjatlarga e’tibor qaratadi”, dedi Qirg‘iziston yetakchisi.
Bildirilishicha, so‘nggi yillarda Qirg‘izistonning TDT davlatlari bilan tovar aylanmasi deyarli 62 foizga oshgan. Bundan tashqari, Japarov savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida kapital qo‘yilmalarini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlar bozorlarini almashishga yo‘naltirilgan hujjat ishlab chiqish uchun chora-tadbirlar ko‘rishni taklif qildi.
Shuningdek, xizmatlar, moliya, umumiy mehnat bozorlari yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash, raqamli va elektron tijorat, intellektual mulk, qishloq xo‘jaligi, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm va ta’lim yo‘nalishlarida hukumatlararo kelishuvlar bo‘yicha muzokaralar boshlash tashabbuslari ilgari suriladi.
“Ushbu kontekstda turkiy davlatlar o‘rtasida raqamli savdoni rag‘batlantiruvchi “Raqamli iqtisodiyot sohasida sheriklik to‘g‘risida”gi kelishuvni imzolashni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”, dedi Qirg‘iziston rahbari.
Qayd etilishicha, Qirg‘iz Respublikasi TDT doirasida raqamli integratsiya jarayonini tezlashtirishga intiladi. Xususan, mamlakat yagona raqamli makon yaratish sohasida elektron tijorat, transport va logistika jarayonlarini soddalashtirish hamda raqamli standartlar va sertifikatlarni o‘zaro tan olishga qiziqish bildirmoqda.
Japarovga ko‘ra, Qirg‘iziston elektron imzolarni o‘zaro tan olish mexanizmlarini yaratishga qaratilgan hujjatlarni birgalikda ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, mamlakat raisligi davrida davlat xizmatlari va sun’iy intellekt sohasida raqamli texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarga ko‘mak beriladi.
“Shu munosabat bilan Bishkekda sun’iy intellekt bo‘yicha Turkiy davlatlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidlamoqchiman. Forum bizning davlatlarimizda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilish va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantirish uchun noyob platforma bo‘ldi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu sammit doirasida TDTning hozirgi byudjeti oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emasligini bildirgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr