Bishkekdagi TDT sammiti: “Hadya bazm”, yagona alifboga chaqiriq va zaif byudjet
Tahlil
−
08 noyabr
5727Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 6 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, tashkilotdagi kuzatuvchi mamlakat – Vengriya Bosh vaziri ishtirok etdi. Bu safargi yig‘inda turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsion jarayondagi eng sust davlat hisoblanadigan Turkmaniston tomonidan yuqori darajali rahbarlar – mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhammedov yoki otasi Gurbanguli Berdimuhammedov ko‘rinish bermadi. Ammo e’tiborga molik jihat shuki, mazkur sammitda dunyo davlatlari orasida faqatgina Turkiya tomonidan tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ham qatnashdi. Tashkilotning joriy 2024 yilda Ozarbayjonda o‘tkazilgan norasmiy sammitida qatnashgan, ammo undan oldin Qozog‘iston mezbonligidagi sammitda ko‘rinmagan Ersin Tatar Qirg‘izistonda o‘tkazilgan navbatdagi yig‘inda tashkilotga a’zo davlat rahbarlari safiga qaytdi. Shunday qilib, keldi-ketdi jarayonlari bilan qo‘shib hisoblaganda 5-6 noyabr kunlarida bo‘lib o‘tgan mazkur yirik siyosiy tadbir mehmonlarni orden bilan siylashdan tortib, bir davlat boshqa davlatning millionlab dollar qarzlaridan voz kechishi, tashkilot byudjetining yaroqsizligini ochiqlash va yagona alifboga o‘tishga jiddiy chaqiriqlar bilan esda qoldi.
Turkiyadan jiddiy qo‘llov va “Tuhfalar seriyasi”
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning 11-sammitiga eng birinchi bo‘lib tashkilotga a’zo davlatlarning eng yirigi – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qadam ranjida qildi. Oliy darajadagi mehmonni “Manas” xalqaro aeroportida shaxsan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning o‘zi kutib oldi. Shundan so‘ng ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bir-birini siylash jarayoni boshlanib ketdi. Japarov 5 noyabr kuni Erdo‘g‘anga mamlakatning birinchi darajali mukofoti “Manas” ordenini topshirdi. Orden Bishkekdagi Prezident administratsiyasining yangi binosida rahbarlar yig‘ilishi paytida tantanali ravishda taqdim qilindi. “Manas” ordeni esa Qirg‘izistonning eng yuqori mukofoti bo‘lib, bu kishilarga mamlakat va demokratik jamiyatni, xalq birligini himoya qilish va mustahkamlash, davlatning iqtisodiy, intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun topshiriladi. Demak, Japarov nazdida Erdo‘g‘an shunday siylovga munosib ko‘rilgan. Albatta, o‘z boshqaruvi ostidagi davlatning millionlab dollar qarzlaridan voz kechgan qardosh rahbarga davlat oliy ordenidan bo‘lak sovg‘a yarashmasdi ham. Gap shundaki, Turkiya Prezidenti 5 noyabr kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar paytida Qirg‘izistonning rasmiy Anqara oldidagi 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan voz kechdi. Erdo‘g‘anning buncha summaga ko‘z yumishi esa rasmiy Bishkekning yashil iqtisodiyot loyihalari yo‘lidagi sa’y-harakatlari bilan izohlandi. Bundan tashqari, Japarovga Turkiya yetakchisi tomonidan allaqachon o‘ziga xos diplomatik instrumentga aylantirilgan va avvalroq Mirziyoyev, To‘qayev hamda Saudiya valiahdiga ham sovg‘a qilingan Togg rusumli avtomobil topshirildi. Ammo shu kuni sovg‘a-salom almashinuvi avtomobil bilan yakunlanib qolmadi. Qirg‘iziston Prezidenti Erdo‘g‘an hadya qilgan avtomobilni minib ko‘rgach, Turkiya rahbariga tulpor sovg‘a qildi, va nihoyat, ular o‘rtasidagi tuhfalar almashinuvi shu bilan yakunlandi.
Yana ordenlar, eng so‘ngida kelgan To‘qayev
6 noyabr kuniga belgilangan asosiy tadbirda qatnashish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatorida boshqa a’zo davlat rahbarlari ham Qirg‘izistonga 5 noyabr kuni yetib keldi. Faqatgina Fransiyadagi tashrif bilan bog‘liq tig‘iz kun tartibi tufayli Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bundan mustasno. U 6 noyabrga o‘tar kechasi tun yarmida Fransiyani tark etib, kunning birinchi qismida Qirg‘izistonda hozir bo‘ldi. Erdo‘g‘andan tashqari barcha oliy martabali mehmonlarni Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Oqilbek Japarov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Erdo‘g‘anni sovg‘aga ko‘mish bilan boshlangan siyosiy tadbir keyingi soatlarda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan davom etdi. Bishkekda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev taniqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov nomidagi orden bilan taqdirlandi. Bu ordenni Ozarbayjon yetakchisiga qirg‘iz yozuvchisining o‘g‘li – rassom Eldar Aytmatov topshirgan. “Chingiz Aytmatov” ordeni adabiyot, kinematografiya va boshqa san’at sohalarida, shuningdek, ularni xalqaro miqyosda rivojlantirish va targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan Qirg‘iziston fuqarolariga topshiriladi. Maxsus xizmatlar uchun bu orden xorijiy fuqarolarga ham berilishi mumkin. Aliyev esa shu kuni shunday fuqarolar safida joy oldi. 6 noyabr kuni taqdirlanish navbati Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga yetib keldi. Japarov unga Turkiy dunyoning oliy ordenini topshirdi. Qayd etilishicha, mukofot Viktor Orbanga a’zo davlatlar va Turkiy davlatlar tashkiloti kuzatuvchilari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida xizmatlari uchun topshirilgan. Taqdimot marosimida Sadir Japarov Vengriya Turkiy davlatlar tashkilotida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, Viktor Orban rahnamoligida Vengriyaning Yevropa Ittifoqi va turkiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardagi o‘rni barqaror o‘sib borayotgani va ahamiyati tobora ortib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha darajadagi muhim siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan, turli sohalarda samarali hamkorlik, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida sheriklik aloqalari izchil davom ettirilmoqda. Vengriyalik birodarlarimiz bilan hamkorligimiz uzoq muddatli, samarali va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Budapeshtda tashkilotning Yevropa vakolatxonasining ochilishi, vengriyalik hamkasblarimizning turkiy integratsiyaga intilishi va janob Viktor Orbanning shaxsiy hissasi tufayli amalga oshdi”, dedi Japarov.
Japarov, bugungi kunda Vengriyadagi TDT vakolatxonasi faoliyati turkiy va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirishning muhim mexanizmi va ko‘prigiga aylanganini ta’kidladi.
Nihoyat asosiy masalalar: yakunlanmagan yagona yozuv loyihasi, juda kichik byudjet
Nihoyat, 6 noyabr kuni Bishkekda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishi boshlandi. Qo‘l berib ko‘rishish va qo‘shma suratga tushish marosimi yakunida davlat rahbarlari Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishini o‘tkazish uchun majlislar zaliga yo‘l oldi. Tadbir Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tdi. A’zo davlat rahbarlari tomonidan turli loyiha va takliflar birin-ketin ilgari surildi. To‘qayev Turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni taklif qilgan bo‘lsa, Erdo‘g‘an qardosh mamlakatlarni yagona alifboga tezroq o‘tishga undadi. Ammo Ozarbayjon Prezidenti Aliyev tashkilotning byudjeti unga a’zolar tomonidan ko‘zlangan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emasligidan hafsalasi pir ekanini yashirmadi. Turkiy davlatlar tashkilotining hozirgi byudjeti oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emasligidan noligan Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev rasmiy Baku TDT kotibiyatiga 2 million dollar va Oqsoqollar kengashiga 100 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ajratgani va bu tashkilot salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab, ba’zi narsalarga shama qilgandek ko‘rindi. Aliyev o‘z nutqida Qorabog‘ masalasiga ham to‘xtalib, hudud ozod qilingach, bu yerda qad rostlagan qator fuqarolik ob’ektlari qurilishida ishtirok etgan davlatlarga minnatdorlik bildirdi.
“Fursatdan foydalanib, ozod qilingan hududlarda birodarlik sovg‘asi sifatida maktab va ijod markazi uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriya davlat rahbarlari va hukumatlariga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman. Shuningdek, qurilishi rejalashtirilayotgan maktablar uchun ham rahmat”, dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Tashkilotda ambitsiya va potensial borasida qolgan a’zolardan keskin farq qiluvchi Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an tashkilot yangi formatda o‘tkazila boshlagan kundan buyon bu yerda ikki asosiy maqsad va vazifada yuribdi. Biri o‘zidan o‘zga biror davlat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk respublikasini tashkilotga qo‘shish bo‘lsa, ikkinchisi a’zo davlatlar orasida yagona alifbo joriy qilishga erishishdir. Yozuv masalasi tushunarli, ammo SHKTR borasidagi ambitsiyalar endi kurtak yozayotgan integratsiya uchun yo‘q joydan muammo bo‘lib qolish ehtimoli yo‘q emas. Erdo‘g‘an sharqiy dunyodagi integratsion loyihalar doirasida doim o‘z ortidan sudrab yuradigan SHKTR prezidenti Ersin Tatar bu gal ham uning ortidan qolmadi. U Qirg‘izistondagi sammitda qatnashdi. Sammitda mezbon sifatida moderatorlik qilgan holda yig‘ilgan barcha davlat rahbarlariga o‘z maqomi bilan murojaat qilgan Japarov SHKTR prezidentiga kelganda, shunchaki o‘z ismi bilan so‘z berdi. Alifbo masalasiga qaytadigan bo‘lsak, turkiy davlatlarning umumiy alifbosi va uning naqadar muhimligi haqida so‘z yuritgan Erdo‘g‘an bu boradagi sa’y-harakatlar va ishlarni birgalikda kuchaytirish kerakligini ta’kidladi.
“Barcha qiyinchiliklarni yengib, o‘zaro muammolarni bartaraf etish orqali biz turkiy dunyoning tarixiy urug‘ini birgalikda ekishimiz mumkin. Men bunga ishonaman”, dedi Erdo‘g‘an hamkasblariga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bungacha oqsoqollar Kengashi 34 harfdan iborat turkiy alifboni ishlab chiqqan. Turkiya, Ozarbayjon va SHKTR yagona turk alifbosiga o‘tishga tayyor. Ular endilikda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning qarorlarini kutmoqda.
“Agar biz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik qilsak, o‘zgarish zarur deb hisoblayman. Turkiya, Ozarbayjon, Shimoliy Kipr yagona turk alifbosiga o‘tishga tayyor. Biz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston qarorlarini kutmoqdamiz”, dedi Turkiya Prezidenti.
Mirziyoyevning jiddiy murojaati va yakun
Bishkekda o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida so‘z olgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Isroilning Falastin yerlarida tinch aholiga nisbatan qilayotgan zo‘ravonliklarini qoraladi. Shuningdek, Mirziyoyev mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanini qat’iy ta’kidladi.
“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastindagi qochqinlarga yordam berish bo‘yicha maxsus agentlik faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarini ham keskin qoralaymiz”, dedi Mirziyoyev.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilganlarning e’tiborini yana Afg‘oniston masalasiga qaratdi. Mirziyoyevning fikricha, Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish kabi masalalar, albatta, ko‘rib chiqilishi lozim.
“Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir”, dedi prezident.
Shunday qilib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanchbek Omuraliyev va SHKTR prezidenti Ersin Tatar ham qatnashdi. Turkmanistondan esa sammitda mamlakatning Qirg‘izistondagi elchisi ishtirok etdi. Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha 8 ta qaror va sammit doirasida yana 6 ta hujjat ham qabul qilindi. 8 ta qaror ichidan eng ko‘p e’tibor tortadigani bu shubhasiz tashkilotning yangi bayrog‘i qabul qilinganligi bo‘ldi. Bayroqda ko‘k fonda sakkiz qirrali yulduz, yarim oy va markazda to‘g‘ri nurlari bo‘lgan quyosh tasvirlangan. Bayroqdagi moviy fon musaffo osmon, tinchlik va farovonlik ramzi. Bu fon turkiy xalqlarning birligini ifodalaydi. Tarixan moviy rang turkiy madaniyat va an’analar bilan bog‘liq bo‘lib, bu uning madaniy ahamiyatini yanada oshiradi.
Sakkiz qirrali yulduz esa Saljuqiylar yoki O‘g‘uzlar yulduzi nomi bilan tanilgan, turkiy va islom madaniyatidan kelib chiqqan. Bu ramz Saljuqiylar va Usmoniylar imperiyalarida tangalar, me’morchilik va bezak elementlarida tez-tez uchraydi hamda mehr-shafqat, sadoqat, halollik, sabr-toqat, saxiylik kabi asosiy fazilatlarni o‘zida aks ettiradi. Sakkiz qirrali yulduz ba’zi zamonaviy turkiy davlatlarning bayroqlarida ham aks ettirilgan bo‘lib, birlik va umumiy qadriyatlarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Quyosh o‘zining qirqta to‘g‘ri nurlari bilan bir tekisda tarqalib, yorug‘lik, ochiqlik va hayotiylikni anglatadi. Nurlar turkiy dunyoning yo‘lini yoritib, uni yanada porloq va farovon kelajak sari yetaklovchi umumiy qadriyatlar va umumiy qarashni ifodalaydi. Butun turkiy dunyoga mashhur timsol bo‘lgan yarim oy va yulduz turkiy davlatchilik, yuksalish, kelajakka intilish va taraqqiyot ramzidir. Bu elementlar turkiy davlatlarning boy umumiy tarixiga asoslangan tashkilotning dinamik va istiqbolli ruhini aks ettiradi.
Shu tariqa integratsiya uchun qator loyihalar, taklif va sa’y-harakatlar, mana endi qo‘shimchasiga bayroq va unda mavjud bir qancha ramziy ma’nolar ham bor. Buyog‘iga esa ularni realizatsiya qilish va bayroqdagi ramziy ma’nolarni hayotda aks ettirish qoldi xolos. Borgan sari qutblashayotgan dunyoda buni amalga oshirish va integratsiyani jadallashtirish uchun puxta o‘ylangan reja, kuchli siyosiy iroda va xohish bo‘lsa bas.
LiveBarchasi