Birinchi marta xususiy kosmik kema Oyga uchdi
Olam
−
15 fevral
8430AQSHdagi Intuitive Machines aerokosmik kompaniyasi tomonidan qurilgan Oyga qo‘nuvchi qurilma bugun, 15 fevral kuni NASA’ning Kanaveral burnidagi Kennedi koinot markazidan ko‘tarildi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
Bu yarim asrdan ko‘proq vaqt ichida Oyga qo‘ngan birinchi Amerika kosmik kemasi va tarixda xususiy kompaniyaga tegishli bo‘lgan birinchi kosmik kema bo‘lishi kutilmoqda.
“Odissey” deb nomlangan Nova-C qo‘nuvchisi mahalliy vaqt bilan soat 01:00 dan (Toshkent vaqti bilan 11:00) ko‘p o‘tmay, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan qurilgan Falcon 9 raketasida koinotga uchib ketgan.
NASA va SpaceX ning jonli efirida balandligi 25 qavatli binoga teng bo‘lgan ikki bosqichli raketa uchirma maydonchasidan ko‘tarilib, Floridaning Atlantika qirg‘og‘i ustidagi qorong‘u osmonga uchayotganini ko‘rish mumkin.
Dastlab uchirish 14 fevral kuni ertalabga rejalashtirilgan edi, biroq u qurilmani harakatlantiruvchi tizimida ishlatiladigan suyuq metanning anormal harorati tufayli 24 soatga kechiktirildi.
SpaceX kompaniyasi muammo keyinchalik hal qilinganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda SpaceX kompaniyasi Crew Dragon kosmik kemasini birinchi marta Turkiya fuqarosi bo‘lgan ekipaj bilan Xalqaro kosmik stansiyaga uchirgandi.
LiveBarchasi