Birinchi Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti qachon bo‘lishi aytildi
Olam
−
11:58 2299 2 daqiqa
Joriy yilning 19–20 dekabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Nippon” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ayni damda Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi va mintaqa liderlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Hukmron Liberal-Demokratik partiya vitse-prezidenti Taro Aso Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan qonunchilar yig‘ilishida ushbu rejani e’lon qilgan.
Aso so‘nggi paytlarda Rossiya, Xitoy, AQSH va boshqa davlatlar Markaziy Osiyo bilan sammitlar o‘tkazganini ta’kidlab, Yaponiyaning ham shunday diplomatik tadbirni o‘tkazishi ahamiyatini yuqori baholagan.
Qayd etish joiz, sammit Markaziy Osiyoning beshta davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.
Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
Mehmon rahbarlar uchun tartib va protokolni ta’minlash bo‘yicha tayyorgarliklar olib borilmoqda.
“Tokiodagi sammit Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni faollashtirishga qaratilgan yangi harakatini belgilaydi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yil 4 aprelda Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti, 30 mayda Ostona shahrida Markaziy Osiyo – Italiya sammiti, 17 iyunda Ostona shahrida Markaziy Osiyo – Xitoy ikkinchi sammiti, 9 oktyabrda Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo – Rossiya ikkinchi sammiti, 6 noyabr kuni Vashingtonda Markaziy Osiyo – AQSH ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga borishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi