Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga qanday qo‘shimcha ovqatlar berish mumkin?
Salomatlik
−
01 Oktabr
4755Odatda bolalar bir yoshga to‘lgandan keyin asta-sekinlik bilan qozonda pishgan ovqatlarni tanovul qilishni boshlaydi. Chunki aynan shu paytda bola oshqozoni rivojlanib, oziq-ovqatlarni hazm qilishga o‘rganadi. Ammo chaqaloq olti oyga to‘lgach, uning tezlik bilan rivojlanayotgan organizmining ehtiyojlarini ona suti to‘la ta’minlay olmaydi. Shu sababdan chaqaloq olti oyga to‘lgach, shifokor tavsiyasi asosida unga ona sutidan tashqari bo‘tqa, sharbat va pyure ko‘rinishida qo‘shimcha ozuqalar berish mumkin. Shu xususida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Fotima Abdurahmonova ba’zi tavsiyalarni berdi.
Unga ko‘ra, go‘dakni qo‘shimcha taom bilan ona sutidan oldin oziqlantirish kerak. Bolaga bunday yegulik ikki hafta davomida berilgach, uchinchi haftadan bir martalik ko‘krak suti bilan ovqatlantirish o‘rniga almashtiriladi. Ular tarkibi sabzavot bo‘tqalaridan tashkil topgan bo‘lishi lozim.
Dastavval, bo‘tqa oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi. Shuni yodda tutish lozimki, bu yoshdagi go‘dakka bir paytning o‘zida ikkita qo‘shimcha taom berilmaydi. Bola birinchi qo‘shimcha ozuqaga ko‘nikkach, ikkinchisiga o‘tish mumkin.
Kichkintoy 7 oylik bo‘lgach, unga ikkinchi qo‘shimcha taom – bo‘tqalar (mannali, grechkali) berilib, 2 hafta ichida ikkinchi galdagi ona suti u bilan almashtiriladi. Ushbu davrda qaynatilgan tuxum sarig‘ining yarmini haftasiga ikki marta, keyin kunora berish mumkin.
Bola 8 oyga to‘lganda taomnomaga uchinchi qo‘shimcha yegulik sifatida qatiq va tvorog kiritiladi. Dastlab, qatiq oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik esa kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi.
-
9-oydan boshlab non (pechenelar), olmani bo‘lakcha shaklida berish mumkin.
-
10-oylikdan boshlab go‘sht qiymasidan tayyorlangan frikadelkalar;
-
12-oylikdan bug‘da pishgan kotletlar beriladi.
Ta’kidlash joizki, bolaga choy berish maqsadga muvofiq emas. Uning o‘rniga meva sharbati, qaynatilgan suv ichiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shakardan voz kechilsa, organizmda qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi