“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
3-sahifa
−
12 mart
8488O‘zbekistonda bir million mahalliy dasturchini tayyorlash maqsadida ish boshlagan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Agentlik tomonidan 2023 yil davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika byudjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalarning tavsiya etilgan texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o‘rganilganida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmaganligi aniqlangan. O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi va “Smart Sales Leader” MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalar yetkazib berilmasdan, jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Departamentning Toshkent shahar bo‘limi tomonidan “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi va “Smart Sales Leader” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi