“Bir kuni Abishevich va Abdug‘aniyevich qo‘ng‘iroq qildi”. Akayev Prezident sifatidagi eng katta xatosini aytdi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Asqar Akayevning hokimiyatdan chetlatilishi hukumatni tanqid qilgan mustaqil gazetalarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Bu haqda uning o‘zi Germaniyaning DW gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Asqar Akayevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistondagi so‘z erkinligi hatto Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘sha davrdagi Prezidentlarining ham noroziligiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, u prezidentlikdan ag‘darilishini Gruziyadagi “atirgullar inqilobi” va Ukrainadagi “to‘q sariq inqilob”dan so‘ng dastlab O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lgan tashqi kuchlarning faolligi bilan izohlagan. Ta’kidlanishicha, tashqi kuchlar O‘zbekistonda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng bor e’tiborini Qirg‘izistonga qaratgan.

“Bizda erkin matbuot bor edi. O‘ylaymanki, men “Freedom House”ga OAV bosmaxonalari ochishga ruxsat berib, eng katta xatoga yo‘l qo‘yganman. Ularga ko‘proq erkinlik berildi, natijada, ular mustaqil gazetalarni chop qila boshladi. Ular gazetalarida har xil tuhmatlarni yozgan va millionlab nusxada bosib chiqargan. Biz haqimizda, oilamiz haqida”, deya o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashgan sobiq Prezident. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlar Prezidentlari ham bu bosmaxonalar ishidan norozi bo‘lgan, chunki ular tomonidan taqiqlangan muxolif nashrlar Qirg‘izistonda bosilib, so‘ngra Qozog‘iston va O‘zbekistonda tarqatilgan. 

“Bir kuni Nursulton Abishevich (Nazarboyev – Tthr.) menga qo‘ng‘iroq qilib: “Eshiting, demokrat, siz o‘z uyingizda demokratiya qilasiz. Bizga nimaga kerak?  Ko‘ryapsizmi, bosmaxonalaringizda gazeta bosilib chiqib, o‘sha yerda meni tanqid qilishgan ekan-da”, dedi. Xuddi shunday, Islom Abdug‘aniyevich (Karimov. – Tahr.) ham aytdi. Mana shu yerda xato qilganman, iqtisodimiz shundan keyin orqaga ketgan”, deya afsus bilan ta’kidlagan Akayev.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning Birinchi Prezidenti Askar Akayev 2005 yilda “Lola inqilobi” natijasida hokimiyatdan ketib,  oilasi bilan birgalikda mamlakatni tark etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Islom Karimov Askar Akaev

Baholaganlar

2208

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing