Bir kunda Ukraina bilan yana ikki davlat xavfsizlik shartnomasini imzoladi (video)
Olam
−
26 fevral
7755Ukraina bilan Kanada va Italiya hukumatlari Rossiyaning mamlakatga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarini ikki yilligi munosabati bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
Kanada bilan xavfsizlik bo‘yicha aloqalarini kengaytirgan Ukraina lideri Ottava mamlakatga 3 milliarddan ortiq dollar ajratishini bildirgan.
“Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan Ukraina va Kanada o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladik. Hujjatda Kanada 2024 yilda Ukrainaga makromoliya va mudofaa maqsadlarida 3 milliarddan ortiq Kanada dollari ajratilishi ko‘zda tutilgan”, deya ta’kidlagan Ukraina rahbari.
Zelenskiy bu o‘z vaqtida qabul qilingan qaror va Ukraina barqarorligini mustahkamlashga qo‘shilgan muhim hissa ekanini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Kiyev 24 fevralda Italiya bilan ham xavfsizlik shartnomasini qabul qildi. Hujjatni Zelenskiy va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni imzolagan.
O‘z navbatida, 46 yoshli Vladimir Zelenskiy Italiya hukumati rahbari Jorjiya Meloni bilan uchrashuvlar har doim juda muhim va zarur ekanini aytgan.
“Bugun muhim natija – ikki tomonlama xavfsizlik bitimining imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjat Ukraina va Italiya o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni urushning 2 yilligida G‘arb yetakchilari Kiyevga to‘plangani haqida ma’lum qilgan edik.
Shuningdek, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Britaniya Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzgan ilk davlat bo‘lgandi. 16-17 fevral kunlari Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ham xavfsizlik majburiyatlari va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Keyinroq bu safga Daniya ham qo‘shildi.