“Bir kun vokzalda yotdim, yuklarim metroda turibdi”. Toshkent talabalarni qanday qarshiladi? (fotoreportaj)
Tahlil
−
04 Sentabr 2023
15060Bugun, 4 sentyabr respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalarida dars jarayonlari boshlandi. Qaysidir talabani ko‘zida ishtiyoq ko‘rinsa, yana kimdir poytaxt ko‘chalarini zavq bilan tomosha qilmoqda. Ammo chuqur o‘yga tolgan yuz ifodalarini ham uchratish mumkin. Sababi ularni bugun qayerda qolaman degan tashvish qiynamoqda. Aksariyat talabalar endi o‘qishga kirgan, maktabni bitirib kelgan yosh o‘g‘il-qizlar. Ularning Toshkentdan orzulari katta, universitetdan ko‘proq imkoniyatlar kutmoqda. Lekin poytaxt ularni birinchi kundan qanday kutib oldi? Shu kabi savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ jurnalisti talabalar, ularning ota-onalari va yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Kontraktini to‘lolmasam Rossiyaga jo‘nataman
Soat 9:00. Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida dars boshlanib ulgurgan. Poytaxtdagi talabalar shaharchasi odatdagidan gavjum. U yerda talabalar qatorida ularning ota-onalarini, ko‘rpa-to‘shak, yuklarini ham ko‘rish mumkin. Ko‘zimiz dastlab yerga qarab, o‘ylanib o‘tirgan otaga tushdi. Farg‘onalik ota o‘g‘li Toshkent davlat texnika universitetining muhandislik yo‘nalishiga o‘qishga kirganini aytib, hali yotoqxonaga joylashishi hal bo‘lmaganini bildirdi.
“O‘zim 2-guruh nogironiman. Bu o‘g‘limdan tashqari yana ikkita o‘g‘lim bor. U to‘lov shartnomasi asosida o‘qishga kirgan. Agar uni to‘lay olmasam Rossiyaga jo‘nataman, boshqa ilojim yo‘q”, deydi ismini oshkor etishni istamagan ota.
Otaning yonida suhbatdosh bo‘lib o‘tirgan yigit esa Toshkent davlat agrar universitetini bitirganini, lekin o‘z sohasida ish topilmagani va biznes bilan shug‘ullanayotganini bildirdi. U ham farg‘onalik otaning so‘ziga qo‘shilib, talabaning Rossiyaga ketib, ishlashi tarafdori bo‘ldi. Keyin esa fikrini o‘zgartirib, agar bolada qiziqish bo‘lsa o‘qishi kerakligini aytib o‘tdi. Shundan so‘ng, ikki talaba yigitga ko‘zimiz tushdi va ularni ham savolga tutdik.
Uydagilar uchun o‘qishga kirdim
“Ismim Mirsaid. Toshkentlik bo‘lganim uchun yotoqxona va kvartira muammosi yo‘q. Dadam haydovchi, onam tikuvchi. Ular kontraktimni to‘lay olishadi. O‘qishga o‘zim xohlab kirmadim. Hozirda IT yo‘nalishidan ketganman. To‘g‘risini aytsam, uydagilar uchun o‘qishga kirdim”, dedi Mirsaid.
Uning do‘sti Mirkamol Saidov esa Toshkent davlat politexnika universitetining menejment yo‘nalishiga qabul qilinganini, ammo o‘qishni istamayotganini bildirdi.
“Topshirgan yo‘nalishimga qiziqmayman. Bu bo‘yicha hech qanday rejalarim ham yo‘q. Bir yil o‘qib, keyin Koreyaga ketmoqchiman”, deydi Mirkamol.
Shuningdek, ular universitetdan, u yerda dars beradigan o‘qituvchilaridan nima kutayotganini ham so‘radik.
“Qanaqadir bilim olgani keldim, deb o‘ylagandim. Lekin hozir darsga kirganimda adashmasam dekan o‘z hayotini gapirib o‘tirdi. Universitetdan umuman boshqa narsalarni kutgandim. “10” ballik sistemada “4” baho qo‘ydim”, deydi Mirkamol.
Bu savolga esa Mirsaid universitetdan erkinlik kutishini, forma masalasida qattiq turmasliklarini istashini aytdi.
Universitet talabani daho qilib qo‘ymaydi
Talabalardan so‘ng ular qanchalik yotoqxona bilan ta’minlanayotgani, ijara uylar masalasi hamda ta’lim tizimidagi muammolar haqidagi savollar bilan mas’ullarga yuzlandik.
“Bizda 5700 nafar talabani joylashtirish imkoni bor. Birinchi o‘rinda imtiyozi bor, ijtimoiy himoyaga muhtojlar yotoqxonaga joylashtiriladi. Bundan tashqari, ijara uylarning ham ro‘yxati shakllantirilgan. Talabalardagi bu qadar salbiy fikrlarga sabab ular real imkoniyatni bilmaydi. Universitet hech qaysi talabani daho qilib qo‘ymaydi, Garvardga borsangiz, o‘zingizda harakat bo‘lmasa hammasi nolga teng bo‘ladi. Universitet talabalarni yo‘naltirib beradi, xolos”, deydi O‘zbekiston Milliy universitetining matbuot kotibi.
Kontrakt pulini to‘lash uchun qo‘yimni sotdim
Yuqorida ismini oshkor etishni istamagan farg‘onalik ota o‘g‘lining kontraktini to‘lay olmasa Rossiyaga jo‘natishini bildirgandi. Xo‘sh, boshqalarda holat qanday? Kontrakt yuki qanchadan-qancha talabalarning ishtiyoqini o‘ldirib, ota-onalarning belini bukib qo‘ymayaptimi? Shu kabi savollar bilan yuzlanganimizda ba’zilar chorvasini sotganini, yana boshqalar esa dehqonchilik ortidan kontrakt pulini to‘lashini ma’lum qildi. Yana o‘ziga to‘qligini, ota-onasi “kattakon joyda” ishlashini aytgan talabalar ham bo‘ldi.
“O‘qishga kontraktga kirdim, lekin ota-onam o‘qimaysan degani yo‘q. Kontrakt uchun qo‘yimizni sotdik”, deydi Ulug‘bek ismli suhbatdoshimiz.
Bir kun vokzalda yotdim, yuklarim metroda turibdi
“3-kursman, hali turadigan joyim aniqmas. Bir kecha vokzalda qoldim. Hozir yuklarim metroda turibdi. Endi yotoqxona masalasini hal qilaman”, deydi Bahouddin ismli talaba.
Yana bir talaba esa avval qarindoshini yotoqxonaga joylashtirishini, keyin esa o‘zining muammosi haqida bosh qotirishini aytdi.
“Toshkent davlat agrar universitetining ekologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Hozirda yotoqxona – global muammo. Borib hujjat to‘g‘rilashim kerak. Lekin avval yonimda qarindoshim ham bor, uni avval joylashtirishim kerak”, deydi Ulug‘bek ismli talaba.
2,5 million oylikka yashab bo‘lmaydi
Bugun poytaxtga talabalar kelgani yaqqol sezildi. Har yili minglab talabalar Toshkentga keladi va ularning aksariyati viloyatiga qaytib ketishni xohlamaydi. Bunga sabab nima ekanini so‘raganimizda, ko‘pchilik shaharda sharoit yaxshiligi, imkoniyatlar ko‘pligi va asosiysi maosh yuqoriligini bildirgan.
Masalan, O‘zbekiston milliy universitetining tarix yo‘nalishi talabasi bo‘lgan qashqadaryolik yigit viloyatida 2,5 million oylik bilan oilasini tebrata ololmasligini aytdi.
“Men 23 yoshman, kelasi yili uylanmoqchiman. Ammo men qishlog‘imda 2,5 million oylik bilan oilamni boqa olmayman. Bu yerda maosh yaxshi va men ketishni istamayman. Qashqadaryoliklarda kelish bor, ketish yo‘q”, deya kulib hazil qildi talaba yigit.
Bu masalada qizlarni fikrini o‘rganganimizda texnika universitetining 2-kurs talabasi Shahrizoda ismli qiz viloyatiga qaytib ketmasligini bildirdi. Bunga sabab qilib u bu yerda yangi g‘oyalar olishini, dunyoqarashi rivojlanishini aytdi.
QALAMPIR.UZ barcha talabalarning o‘qishi va kelgusi ishlarida omad tilaydi. Umid qilamizki, poytaxt ularga yanada “bag‘rini ochadi”, shaharda yotoqxonalar soni oshib, ko‘zlarimiz bekatlarda yotgan sarson talabalarni ko‘rmaydi. Shu bilan birga, viloyatlarda ham oliy o‘quv yurtlari ko‘payishini, ularning bilim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratilishini, “talaba ham odammi” qabilidagi so‘zlarni eshitmaslikni xohlab qolamiz.
LiveBarchasi