Bir kishi uzoq vaqt Prezident bo‘lmasligi kerak – To‘qayev
Olam
−
28 Sentabr 2022
7451Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Konstitutsiyaga faqat bir marta yetti yillik muddatga prezidentlik qilish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar kiritilganina munosabat bildirdi.
Uning fikricha, bu “juda muhim islohot”, bu “demokratiya sari dadil qadam”. Janob To‘qayevning fikricha, bir kishi davlat rahbari lavozimida uzoq vaqt qolmasligi kerak.
Qozog‘iston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “ma’lum xavf-xatarlarga” ega, biroq u bu “xalqning porloq kelajagi yo‘lida zarur” ekanligiga ishonchi komil.
“Gap shundaki, prezidentlik lavozimini bir kishi uzoq vaqt egallamasligi kerak. Dunyodami, bizdami, bir kishi uzoq yillar eng yuqori lavozimni egallab turishi na bu davlatga, na uning rahbariga hurmat keltirmaydi”, deydi Qozog‘iston Prezidenti Turkiston viloyatida bo‘lib o‘tgan xalq yig‘ilishida.
Uning fikricha, mamlakat halol va iqtidorli siyosatchilarga yo‘l ochishi kerak. Qosim-Jomart To‘qayevning ta’kidlashicha, barcha siyosiy islohotlar “kuchli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.
“Biz adolatli Qozog‘iston qurishni boshladik... Mamlakatni boshqaradigan Prezident malakali va kuchli bo‘lishi kerak. Aks holda, biz ba’zi mamlakatlarda bo‘lgani kabi tartibsizlikka tushib qolishimiz mumkin. Bunday holat esa xalqimiz uchun fojiaga aylanishi mumkin”, deya ishontirgan To‘qayev.
Qosim-Jomart To‘qayev 17 sentyabr kuni Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni ma’qulladi. Uning o‘zi prezidentlik saylovlarini shu yilning kuzida o‘tkazishni taklif qildi. Saylov 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Janob To‘qayevning aytishicha, prezidentlik muddatini o‘zgartirish “hokimiyatni monopollashtirish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi” va “davlat rahbarining milliy taraqqiyotning strategik vazifalarini hal qilishga maksimal e’tibor qaratishini ta’minlaydi”.
LiveBarchasi