Bir qator idoralarning byudjet bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi
Jamiyat
−
12 yanvar 2021
6391Byudjet kodeksiga va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.
O‘zgartirishlarda quyidagi organlar hamda byudjet bo‘yicha ularga beriladigan qo‘shimcha vakolatlar to‘g‘risida so‘z bormoqda:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda shaharlar va tumanlar kengashlari:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari, Toshkent shahrining shahar byudjeti hamda tumanlar va shaharlar byudjetlari daromadlarining prognozlarini ma’lumot uchun qabul qiladi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
• tegishli byudjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar kengashlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahrining shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga byudjet so‘rovini tuzish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini ko‘rib chiqadilar hamda tasdiqlaydilar;
v) Moliya vazirligi:
• o‘rta muddatli byudjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (tuzish va tayyorlash) amalga oshirish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanmalar to‘plamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat byudjetini shakllantirishda byudjetdan ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta ko‘rib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
• birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan kundan e’tiboran bir oylik muddatda birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun respublika byudjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablag‘lar doirasida ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
• birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan byudjetdan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga ma’qullash uchun kiritadi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining hududiy byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy byudjetlarning loyihalarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar yuboradi.
LiveBarchasi