Deputatlar UzautoMotors bo‘yicha antimonopol qo‘mitaga so‘rov yubordi
Jamiyat
−
29 iyul 2020
15414Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga Uzauto Motors AJ ustidan so‘rov yubordi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
“Avtomobil ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi Uzauto Motors AJning joriy yil mart oyida bir qator yengil avtomobillar narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish investitsiyaviy muhitni yaxshilashning muhim talabi ekanligini inobatga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar tomonidan mazkur soha o‘rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari hisoblangan deputatlar R.Kusherbayev, D.G‘aniyev, N.Jumayev tomonidan “Parlament nazorati” shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sh.Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovi yuborildi”, degan Kusherboyev.
Deputatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan Uzauto Motors`ning qonunlarga rioya etishi, narx siyosatining olib borishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar va ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot talab qilingan.
“So‘rovda Hukumat topshirig‘i doirasida Uzauto Motors AJ tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar va ko‘rilgan choralar haqida asoslantirilgan axborot berish hamda qo‘mitaning avtomobillar narxini aholining xarid qobiliyatiga moslashtirish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish talabi qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Uzauto Motors AJ va deputat Rasul Kusherboyev o‘rtasida munozara yuz bergandi. Deputat kompaniyaning beo‘xshov javobiga nisbatan o‘z faktlarini keltirib, monopol kompaniyaning po‘stagini qoqqandi.
LiveBarchasi