Bir balosi bo‘lmasa... ODKB Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida mashqlar boshladi
Olam
−
18 Oktabr 2021
18265Tojikistonda bugun, 18 oktyabrdan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) qo‘shma tezkor-strategik mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda KXSHT rasmiy saytiga tayanib xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 18-23 oktyabr kunlari Markaziy Osiyo mintaqasida "Jangovar birodarlik-2021” mashg‘ulotlari doirasida “Eshelon-2021”, “Qidiruv-2021” maxsus mashg‘ulotlari va "O‘zaro hamkorlik-2021" qo‘shma mashg‘uloti o‘tkaziladi. Xabarga ko‘ra, ularda 4000 kishi va 500 dan ortiq texnika birligi ishtirok etadi.
Mashg‘ulotlar Tojikiston Qurolli Kuchlarining “Momirak” va "Harbmaydon" poligonlarida o‘tkaziladi.
“Mashg‘ulotlarning asosiy vazifalari — KXSHT qo‘shinlari boshqaruv tizimini takomillashtirish, qo‘mondonlik va boshqaruv organlari hamda bo‘linmalarining o‘zaro muvofiqligini oshirish, shuningdek tashkilotning kollektiv xavfsizlik tizimi kuchlari va vositalarining o‘zaro ishlashiga erishish hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Mashg‘ulotlarni zamonaviy qurol va harbiy (maxsus) texnika bilan jihozlangan doimiy tayyor tarkibdagi mobil va harbiy bo‘linmalar, Birlashgan shtab va KXSHT Kotibiyati tezkor guruhlari, maxsus kuchlardan tashkil topgan Tashkilotga a’zo davlatlarning harbiy kontingentlari kabilar ishtirokida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bundan bir necha kun avval Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i Saymo‘min Yatimov, “Har kuni 500-600 qochqin Afg‘onistondan Tojikiston tomon chegarani kesib o‘tishga urinmoqda, qurol va narkotik moddalar oqimi kuchayib boryapti”, deb aytgan edi.
Yatimov, shuningdek, davom etayotgan voqealar ortidan “mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun islomiy ekstremizmning qo‘llanishi isi kelayotganini” ta’kidlagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistondagi vaziyat nafaqat Tojikiston, balki butun MDH uchun xavf tug‘diradi.
LiveBarchasi