Bill Geyts Microsoft’dan ketdi
Texnologiya
−
14 mart 2020
8073Microsoft korporatsiyasining asoschilaridan biri bo‘lgan amerikalik tadbirkor Bill Geyts direktorlar kengashidan iste’foga chiqdi. Bu haqda kompaniya bayonotida ma’lum qilingan.
Hujjatda aytilishicha, Geyts “xayriya ishlariga ko‘proq vaqt ajratish, jumladan, dunyo sog‘liqni saqlash, rivojlanish, ta’lim va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun” shu qarorga kelgan. Bayonotda aytilishicha, Geyts Microsoft bosh direktori va uning boshqa rahbarlarining texnik maslahatchisi bo‘lib qolaveradi. Hozirda kompaniyaga Satya Nadella rahbarlik qilib kelmoqda.
Kompanining ma’lum qilishicha, 2008 yil iyun oyidan beri Geyts o‘zi va rafiqasi Melinda asos solgan xayriya jamg‘armasiga ko‘proq vaqt ajratish uchun Microsoft’ning ishlari ustida bosh qotirishni qisqartirgan. Bayonotga ko‘ra, hozirda Microsoft direktorlar kengashida 12 kishi qolgan.
Nadella ta’kidlaganidek, “Microsoft Geytsning texnologiyaga bo‘lgan ishtiyoqidan, uning mahsulot va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatlaridan foyda ko‘rishda davom etadi”.
Shuningdek, Geyts LinkedIn’da Uorren Baffetning Berkshire Hathaway investitsiya jamg‘armasi direktorlar kengashidan chiqib ketishga qaror qilganini e’lon qildi.
“Microsoft va Berkshire Hathaway hech qachon bunday kuchli yetakchilikka ega bo‘lmagan, shuning uchun bu qadamni tashlash uchun eng to‘g‘ri daqiqadir", deb yozdi Geyts.
Ma’lumot o‘rnida, Microsoft kompaniyasiga 1975 yilda Geyts va Pol Allen tomonidan asos solingan.
LiveBarchasi