Bill Geyts Harrisning kampaniyasiga 50 mln dollar xayriya qildi
Olam
−
23 Oktabr
2316Microsoft korporatsiyasi asoschisi, milliarder Bill Geyts AQSH vitse-prezidenti va Demokratik partiyadan mamlakat prezidentligiga nomzod Kamola Harrisning saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlovchi nodavlat tashkilotga 50 million dollar xayriya qildi. Bu haqda “New York Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Geyts o‘z xayriyasini Kamola Harrisni qo‘llab-quvvatlaydigan nodavlat tashkilotning Future Forward bo‘limiga yo‘naltirgan va bu aslida yashirin bo‘lib qolishi kerak bo‘lgan.
“Bill Geyts yaqinda vitse-prezident Kamola Harrisning prezidentlik kampaniyasini qo‘llab-quvvatlaydigan nodavlat tashkilotga taxminan 50 million dollar xayriya qilgani haqida maxfiy tarzda ma’lum qildi”, dedi nashrning ushbu masala bilan tanish uch manbasi.
Geytsning pozitsiyasiga yaqin manbaga ko‘ra, garchi u har qanday nomzod bilan ishlashga tayyor ekanini bildirgan bo‘lsa-da, u bu yil do‘stlari va boshqa shaxslar bilan suhbatlar chog‘ida respublikachilar nomzodi Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati ehtimolidan tashvishda ekanini bildirgan. Geytsning xayriya fondiga yaqin manbalarning ma’lum qilishicha, Trampning qayta saylanishi holatida oilani rejalashtirish va global sog‘liqni saqlash dasturlari qisqarishi ehtimoli fondni jiddiy tashvishga solmoqda.
Qayd etilishicha, Geytsning mablag‘i 501(c)(4) turidagi tashkilot bo‘lgan Future Forward USA Action’ga yo‘naltirilgani sababli xayriya egasi ismlari oshkor qilinmaydi.
Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari joriy yilning 5 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Demokratik partiya nomidan Kamola Harris, respublikachilar nomidan esa sobiq prezident Donald Tramp prezidentlik uchun kurashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik milliarder, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask AQSH prezidentlik saylovlarida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi America PAC siyosiy tashkilotiga 3 oy ichida 75 million dollar xayriya qilgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi