Bilib-bilmay ozgina oshibsiz, opam – O‘zbekistonda Norboyevaga atab qo‘shiq kuylandi
Madaniyat-san’at
−
10 dekabr 2021
76695O‘zbekistonlik xonanda Shohujahon Bozorov mamlakat Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning “svet” va gaz o‘chishi tarixga aylangani haqidagi gaplariga javoban qo‘shiq kuyladi. U ushbu qo‘shiqni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali e’lon qildi.
Qo‘shiq avvalida Tanzila Norboyevaning shu yil oktyabr oyida Prezident saylovi oldidan Media hall’da o‘tgan uchrashuvlardan birida “Umuman olganda, “svet” o‘chish, zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik – bu besh yil oldingi tarix edi. Hozir bunaqangi tarix, Xudoga shukur, hammasi bartaraf qilindi”, degan gapi yangraydi.
Xonanda qo‘shiq avvalida Tanzila Norboyevaga ko‘zni ochib, mamlakatni kezishni, odamlar dardiga quloq osishni, haqiqiy ahvol bilan tanishishni tavsiya etadi.
Qaniydi, bu gaplar amalda bo‘lganda,
“Svet”-gaz eng chekka qishloqda yonganda.
G‘o‘daygan ba’zilar patroqni ko‘rganda,
Xalq kutgan besh yillik bu emas, opam.
Ko‘z ochib yurtingiz bir kezing, opam.
Qonunlar hammaga birdek ishlasa,
Poraxo‘r jazodan dag‘-dag‘ titrasa.
Musofirim chetdamas, vatanda tishlasa,
Maqtanishga ozgina shoshibsiz, opam.
Bilib-bilmay ozgina oshibsiz, opam.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda narx-navoning keskin oshib borishi, xususan yoqilg‘i mahsulotlari narxining ko‘tarilishi kabi muammolar ushbu qo‘shiqdan ham o‘rin olgan.
Narx-navoni ko‘rib, dod deging kelar,
Bunga yechim bormi, ayting, kim bilar?
O‘qigan ish izlab, tentirab yurar,
Borini boricha gapiring, opam.
Yetar, endi kulishga or qiling, opam.
Deputat, jurnalist siz sinib qolmang,
Yurt otasi siz bilan izlanib tolmang.
Ey vatanparvarlar, nazardan qolmang,
Uyg‘onsak, bu besh yil zo‘r bo‘ladi.
Vatanni yeganlar xor bo‘ladi!
Eslatib o‘tamiz, xonanda Shohujahon Bozorov qo‘shiqlari bilan siyosiy masalalarni birinchi marta tilga olayotgani yo‘q. Bundan avval uning mamlakat tashqarisidagi muxolifatchilarga atab kuylagan qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.