Bilaman, bu nozik masala – AQSH ortidan Britaniya elchisi ham Bozorov kaltaklanganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
30 mart 2021
27820Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi.
“O‘tgan dam olish kunidagi namoyishlarda bu qadar g‘azabni ko‘rish achinarli. Bilaman, bu nozik masala. Ammo turfa qarashli jamiyatlar – kuchli jamiyatlardir. Shuningdek, bloger va jurnalistlarga kuch ishlatishni hech qanday shaklda oqlab bo‘lmaydi. OAV erkinligini himoya qilish kerak”, degan elchi Torlot.
Avvalroq, AQSHning Favqulodda va Muxtor elchisi Daniel Rozenblyum ham bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirgandi. AQSH elchisi O‘zbekiston hukumatidan hodisani surishtirishni so‘ragandi.
Gap shundaki, bir necha kun oldin bloger Miraziz Bozorov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali har haftaning juma kuni LGBT tarafdorlarini Toshkentning “Hazrati imom” majmuasi maydonida to‘planishga chaqirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning 28 mart kuni Amir Temur xiyobonida to‘planish taklifini bildirgan murojaati ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Murojaat ortidan maydonga besoqolbozlik – LGBTga qarshi bo‘lgan jamoatchilik vakillari yig‘ildi. Tartibga solinmagan namoyishlarda yuzaga kelgan holat sabab 12 kishi qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoiy ish ochildi. Ayni vaqtda o‘zbekistonlik rasmiylar va jamoatchilik odamlarni vaziyatga og‘ir-bosiqlik bilan munosabatda bo‘lish, masalani o‘ta konstruktiv muzokara yo‘li bilan hal qilishga undamoqda.
Shu kuni bloger uyi oldida o‘lasi qilib do‘pposlandi. IIV holatga munosabat bildirib, LGBT tarafdorlarini namoyishga chorlayotgan Miraziz Bozorov tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda besoqolbozlik masalasi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat yo‘llaganidan so‘ng kun tartibiga chiqdi.
Ayni vaqtgacha besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputatlar Rasul Kusherboyev, Alisher Qodirov va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
LiveBarchasi