“Bez"ning ishi doim besh”. Koronavirus panasida qolib ketgan 5 muhim voqea

Tahlil

image

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida tarqalgan koronavirus 2020 yilning birinchi choragida butun dunyoga xavf tug‘dirdi.  Dunyoga shiddat bilan tarqalgan kasallik O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Joriy yil 15 mart kuni soat 06:00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.  Ayni vaqtda esa bemorlar 37 kishini tashkil etmoqda.

Jamoatchilikning doimiy diqqat markazida bo‘lib turgan koronavirus fonida so‘nggi vaqtlarda ko‘plab dolzarb xabarlar panada qolib ketdi. Oxirgi vaqtlarda ishi 5 bo‘layotgan shaxslar va masalalarga e’tibor qaratamiz. 

“UZAUTO MOTORS”NING “ORTDAN PICHOQ URISHI”

8 mart kuni O‘zbekistonda xotin-qizlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram o‘tishi bilanoq, yakkahokimlikka tayanib faoliyat yurituvchi kompaniya imi-jimida narxlarni oshirdi.

Aholi orasida eng talab yuqori bo‘lgan avtomobillar sanalmish Damas va Spark 21 foizgacha, Nexia, Cobalt va Lacetti 15 foizgacha oshirildi. Qimmatbaho avtomobillar esa bu holatdan chetda qoldi. 

Kompaniyaning o‘zbilarmonlik bilan narxlarni oshirgani jamoatchilikning nafratiga duchor bo‘ldi. Faollar, deputatlar, jurnalistlar, blogerlar o‘z munosabatlarini bildirib, narxlar ko‘tarilishiga faol qarshilik ko‘rsatishdi. Tanqidlar hattoki, mamlakatning yuqori minbaridan ham yangradi. 

“Mana ko‘ryapsizlar, avtosanoatimiz rahbarlari mashinalar narxini oshirishga qaror qilgani odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu iqtisodiy jihatdan kerakdir, lekin hozirgi sharoitda to‘g‘ri emas. Biz xalqqa yengillik yaratishimiz lozim. Har bir qarorni yetti marta emas, yetmish marta o‘ylash zarur. Avvalo xalqimizning sotib oluvchanlik qobiliyatini mustahkamlash kerak”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shaxsan davlat rahbarining tanqidiga ham qaramay, kompaniya narxlarni tushirish masalasini ko‘rib chiqqani yo‘q. Avtomobillarning ko‘tarilgan narxlari zig‘ircha pastlay demadi. 

YASHASIN “QIROL” PUTIN!

10 mart kuni Rossiya Davlat Dumasi deputati Valentina Tereshkova Rossiya Federatsiyasida Prezidentlik muddatining cheklanishni bekor qilish va amaldagi davlat rahbariga ushbu lavozimga qayta saylanishga ruxsat berishni taklif qildi.

11 mart kuni Rossiyada ushbu holatga nisbatan norozilik mitinglari ham bo‘lib o‘tdi. 100 ga yaqin kishi Knyaz Vladimirning Kreml qarshisidagi haykali oldida tashkil etilgan piketda ishtirok etdi. Namoyishchilar "YO‘Q", "Nolga teng bo‘lgan muddatlar – davlat to‘ntarilishi" va "Xalq bilan maslahatlashilmadi" deb yozilgan plakatlar bilan Kreml qarshisida turishgan.   

14 mart kuni deputatlarning Rossiya Prezidentining muddatlari qayta hisoblanishi bo‘yicha taklifi Vladimir Putin tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlandi.

Prezident Vladimir Putin o‘zining muddatini uzaytirish haqida hujjatni imzolaganidan so‘ng, Federatsiya Konstitutsiyaviy sudi mamlakatning bosh qonuniga Prezidentning qayta saylanish vakolati bo‘yicha o‘zgartirish kiritishni ma’qulladi.

“Rossiya Federatsiyasining “Davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyatining ayrim masalalarini tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida” Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi Rossiya Federatsiyasi qonunining 1-moddasini kuchga kiritish tartibi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga muvofiq ... Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi “Davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyatining ayrim masalalarini tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Rossiya Federatsiyasi qonunining kuchga kirmagan qoidalari Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 1, 2 va 9-boblariga muvofiq”, deyiladi RF KS rasmiy saytida.

PROPISKA

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida propiska tizimini tanqid qildi. “Bu masalaning qanday qiyinligini hammamiz bilamiz. Bu masalani hal qilmay 20-30 yil biz fuqarolarimizni oyog‘iga kishan qilganmiz. Agar ular O‘zbekisonning istalgan yerida propiskaga turish va ishlash imkoniyatini qonuniy yaratmas ekanmiz, gap bilan bu ishlar amalga oshirilmaydi”, deya bu masalada 2020 yil 1 aprelgacha parlament va Hukumatga muxlat berdi. 

Shundan so‘ng, 17 fevral kuni Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri  o‘rinbosari Aziz Ikramov propiska so‘zi amaldan chiqarilib, o‘rniga “qayd etish”  so‘z birikmasi ishlatilishini aytib o‘tdi. Propiska tizimi yo‘q qilinishi xalq orasida ijobiy qabul qilindi. 

Prezident bergan muddat tugash arafasida kelganda, 16 mart kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi. Kechroq muhokamaga qo‘yilgani yetmagandek, qaror loyihasida soddalashtirish emas, aksincha qiyinlashtiruvchi normalar kiritildi. Bular: 

– Loyihaning 7-bandi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni umumiy mulk asosida olishiga qaratilgan oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod ta’minlash sharti bilan o‘zgaga berish, shuningdek, garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan (ko‘chmas mulkning bir qismidan) voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi – avval bu norma yo‘q edi.

– Loyihaning 13-bandi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinganidan so‘ng uch yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, er (xotin) Toshkent shahri va Toshkent viloyatida olingan doimiy propiskasini yo‘qotadi – avval bu bir yil edi.

Propiska masalasi Prezident tanqididan so‘ng, birma-bir amaldorlar tomonidan toshbo‘ron qilindi. Biroq oxir-oqibat, bu tizim yana fuqarolarni kamsitish, oyog‘iga tushov bo‘lishda davom etadigan ko‘rinadi. 

TRAMP IKKINCHI MUDDATI

17 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp rasman o‘zining qayta saylanishi uchun imkoniyatni qo‘lga kiritdi. Respublikachilar partiyasining Florida va Illinoysdagi dastlabki saylov natijalariga ko‘ra, shunday xulosaga kelingan. Tramp ushbu ikki shtatdagi dastlabki saylovda ishonchli g‘alabaga erishgan. Shu tariqa prezidentlik saylovida Respublikachilardan nomzod bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

AQSHda umumiy prezidentlik saylovi joriy yilning 3 noyabrida o‘tkaziladi. Unda amaldagi Prezident Donald Trampga Demokratlar partiyasidan sobiq vitse-prezident Jo Bayden raqobatchi bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Tramp ayni koronavirus pandemiyasi kuchaygan vaqtda g‘alabani qo‘lga kiritdi. Balki respublikachilar qulay fursatdan foydalangandir. Trampga nisbatan Qo‘shma Shtatlar Vakillar Palatasi 2019 yilning dekabr oyidayoq impichment e’lon qilish borasida ovoz bergan edi. Trampga qarshi vakolatini suiiste’mol qilish va Kongress tergoviga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Biroq unga nisbatan sud jarayoni yakuniga ko‘ra, AQSH Kongressi Senati Prezident Donald Trampni impichment jarayonida qo‘yilgan har ikki ayblov bo‘yicha oqladi. Shu tariqa Oq uy xo‘jayini lavozimidan olinib, jazonlanmaydigan bo‘ldi.

NEFT NARXI TUSHISHI

Mart oyining boshida OPEC (Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) va Rossiya “qora oltin” qazib olish bo‘yicha yangi kelishuvga erisholmadi. Dunyoda neft narxining tushishi ortidan rubl kursi ham “quladi”. Rossiya milliy valyutasi dollar va yevroga nisbatan keskin qadrsizlandi.

18 mart kuni savdolarda Brent markali neft narxi 2016 yil yanvaridan beri ilk bor barreliga 28 dollardan pastlab, 27,62 dollarga teng bo‘ldi. WTI markali neft narxi 2002 yildan beri ilk bor 26,05 dollarga teng bo‘ldi. Keyinroq 25,95 dollargacha tushib ketdi.

Neft narxiga monand Rossiya rubli ham qadrsizlandi. Yevro kursi 5,55 foizga qimmatlab, 1 yevro 87,5 rublga tenglashdi. Dollar kursi 5,73 foizga mustahkamlanib, 1 dollar – 79,77 rubl bo‘ldi.

Agar OPEC va Rossiya kelishuv tuzilmasa, joriy yilning 1 aprelidan bitim ishtirokchilarining neft qazib olishiga bo‘lgan cheklovlar bekor qilinadi. Ayni koronavirus balosi avj olayotgan vaqtda butun dunyo iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ushbu holat ham ko‘pchilik orasida qizg‘in muhokama etilmadi. Chunki koronavirus atalmish pandemiya eshik ortida turgandi.  

Tahr.: Yuqoridagilarni inobatga olsak, koronavirusning tarqalishi, butun dunyoning ushbu pandemiya bilan kurashga bel bog‘lashi ayrim oddiy ko‘ringan, ammo ortidan murakkab muammolarni yetaklab keluvchi ishlarni panada bajarib olish uchun ayni muddao bo‘lgandek.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

6

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing