Beslandan keyingi 2-yirik terakt: qurbonlar soni 133 nafarga yetdi
Olam
−
23 mart
14698Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl" konsert zalida sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 133 nafarga yetdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim kanallar 150 kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi. Ushbu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Moskva viloyati sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda 127 kishi jarohat olgan.
Aytish joizki, ushbu hujum Beslandan keyin qurbonlar soni bo‘yicha Rossiyadagi eng yirik terakt bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 2004 yilning sentyabrida Rossiya tarkibidagi Shimoliy Osetiya Respublikasining Beslan shahridagi maktabda terror hujumi bo‘lgan edi. Buning oqibatida jami 334 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida uch kishi bo‘lgan qurollangan shaxslar o‘t ochgan. Dastlab qurbonlar soni 80 dan oshgandi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.